Prezident tayyor pulni eplab ishlatolmagan besh amaldorni ishdan oldi, uchiga “hayfsan” berdi
Jamiyat
−
11 iyul 2023
25973O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Baxtiyor Kamolov, Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Sohib Saifnazarov, “Temir yo‘l” AJ raisi Xusniddin Xosilov va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev lavozimidan ozod etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 iyul kuni o‘tayotgan investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida shunday topshiriq berdi.
Yig‘ilishda investitsiya olib kelish u yoqda tursin, ayrim rahbarlar mablag‘i ancha avval kelgan loyihalarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani qattiq tanqid qilingan.
Jumladan, “Suvta’minot” tomonidan Sirdaryo, Guliston, Sayxunobod tumanlari va Yangiyer shahrida 2021 yilda 76 million dollarlik loyihani amalga oshirish bo‘yicha qarz bitimi imzolangan. Ushbu loyiha doirasida ishlar boshlanmagani oqibatida 250 ming aholining ichimlik suvini yaxshilash ishlari ikki yilga kechikmoqda.
Yoki, “Issiqlik elektr stansiyalari” 2019 yilda boshlangan “Talimarjon” elektr stansiyasida qo‘shimcha 900 Megavattli bug‘-gaz qurilmasini qurish loyihasi doirasida 690 million dollardan bugungi kungacha bor -yo‘g‘i 135 million dollari yoki faqat 20 foizi o‘zlashtirilgan.
Suv xo‘jaligida yil yakuniga qadar 16 ta yirik nasos stansiyasini xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va energiya samaradorligini kamida 50 foizga oshirish doirasida sohaga 1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritilishi kerak. Lekin bu yo‘nalishda bironta o‘zgarish qilgani yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan to‘rt yil avval “Toshkent-Samarqand”, “Toshkent-Andijon” pullik yo‘llari va “Taxtaqoracha” dovonida pullik tonnel qurish topshiriqlari berilgan. Lekin na loyiha qilish, na investor jalb qilish bo‘yicha haligacha amaliy ishlar boshlanmagan.
Bugungi kunda temir yo‘lda 2,5 mingta yuk vagoni yetishmasligi, mavjud vagonlarning 3,5 mingtasi esa ta’mirtalabligiga qaramay, ularni ko‘paytirish, yo‘llarni modernizatsiya qilish uchun bor-yo‘g‘i 16 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirgan.
Shuningdek, xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish hajmi o‘tgan yilga nisbatan “O‘zavtosanoat”da 47 foizga, to‘qimachilikda 43 foizga, qurilish materiallarida 31 foizga kamaygan.
Shu bois, investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Baxtiyor Kamolov, Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Sohib Saifnazarov, “Temir yo‘l” AJ raisi Xusniddin Xosilov va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev lavozimidan ozod etilgan.
“O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ raisi Bahodir Jo‘rayev, “O‘zsanoatqurilishbank” raisi Saxi Annaklichevga “hayfsan” e’lon qilindi.