Prezident tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi farmonni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 aprel kuni “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmonning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat ko‘rsatishining barqarorligini ta’minlash, shuningdek, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

1. 2020 yil 31 dekabrga qadar 1-ilovaga muvofiq tovarlarni olib kirishda bojxona boji va aksiz solig‘ining nol stavkalari belgilansin.

Tarif va notarif tartibga solish kengashi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda kichik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan mahsulot ishlab chiqarishda foydalanish uchun olib kiriladigan  xomashyo, materiallar, aksessuarlar va butlovchi qismlarning narxini pasaytirishga alohida e’tibor qaratgan holda, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.

2. Joriy yilning mart–iyun oylarida to‘lash muddati tugaydigan bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordamlar to‘lash ularni to‘lashni yangi muddatda davom ettirish to‘g‘risidagi ariza hamda boshqa hujjatlarni talab qilmagan holda 6 oy muddatga (biroq bola tegishlicha 2 yoshga va 14 yoshga to‘lgunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda) tanaffussiz davom ettirilsin.

Belgilansinki, ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam to‘lashni uzaytirish bilan bog‘liq xarajatlar Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

3. O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironlarni bepul ta’minlash uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlarining ro‘yxati karantin tadbirlari amal qilishi davrida bir martalik niqoblar, antiseptik vositalar va bakteriyaga qarshi sovunlar jamlanmasi bilan to‘ldirilsin.

4. Belgilansinki, 2020 yil 1 apreldan 31 dekabrga qadar quyidagilar:

a) turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko‘rsatuvchi sub’ektlar, “Uzbekistan Airways” AJ va uning tarkibiy bo‘linmalari, “Uzbekistan Airports” AJ va “O‘zaeronavigatsiya markazi” DUK:

yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilinadi;

ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida to‘laydi;

b) tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 mlrd so‘mdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qo‘llaydigan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar ushbu soliqni har choraklik asosda hisoblash  vato‘lash huquqiga ega;

v) foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlarga, shu jumladan 2020 yil 1 aprelga qadar aniqlanganlarga nisbatan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining oshirilgan stavkalarini qo‘llash, shuningdek, ko‘rsatilgan soliqlar bo‘yicha oshirilgan stavkalarni qo‘llash natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikka nisbatan penya hisoblash va majburiy undirish choralarini ko‘rish tartibi to‘xtatiladi.

5. Karantin tadbirlari davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qat’iy belgilangan summasini va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatilsin, bunda faoliyatni to‘xtatganlik to‘g‘risida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organlari xabardor qilinadi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risida guvohnomani topshirish talab etilmaydi.

6. O‘z faoliyatini to‘xtatgan va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan tushumi joriy yilning birinchi choragidagi o‘rtacha oylik miqdoriga nisbatan 50 foizdan ko‘proqqa kamaygan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq organlarini xabardor qilgan holda 2020 yil 1 oktyabrga qadar quyidagi soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi taqdim etilsin:

  • mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza bermasdan turib aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha – ularni keyinchalik 12 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan;
  • ijtimoiy soliq bo‘yicha – uni keyinchalik 6 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan.

7. Joriy yilning oxiriga qadar spirt, alkogol mahsulotlari, shu jumladan vino va pivo uchun aksiz solig‘i, shuningdek, benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yakuniy iste’molchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘ining amaldagi stavkalari saqlanib qolinsin.

8. 2020 yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxslar tomonidan gaz va elektr energiyasi bo‘yicha oldindan haq to‘lash to‘g‘risidagi majburiy talab 30 foizgacha pasaytirilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan:

  • majburiy zaxiralar bo‘yicha talablarni yengillashtirish hisobiga tijorat banklarini 2,6 trln so‘m hajmidagi qo‘shimcha likvidlik resurslari bilan ta’minlash;
  • tijorat banklariga 3 yil muddatgacha 2 trln so‘mgacha miqdorda likvidlik taqdim etishning maxsus mexanizmini joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ma’qullansin.

10. Markaziy bankning quyidagilar to‘g‘risidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF–5969-son Farmoni ijrosi doirasida yuridik shaxslarning kreditlari bo‘yicha 7,9 trln so‘m hajmdagi qarzdorligi kechiktirilgan;
  • O‘zbekistonda va boshqa mamlakatlarda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar va iqtisodiy faollikning keskin pasayishi sababli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tashkilotlarning kreditlari bo‘yicha qo‘shimcha restrukturizatsiya qilinadigan to‘lovlar hajmi qo‘shimcha ravishda 7 trln so‘mni tashkil etmoqda;
  • jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan 2020 yilning navbatdagi 6 oyi mobaynida so‘ndirilishi lozim bo‘lgan kreditlar bo‘yicha muddati uzaytiriladigan to‘lovlar hajmi 4,7 trln so‘mni tashkil etmoqda.

11. Markaziy bank quyidagilar uchun shart-sharoitlar yaratish va tartib-taomillarni soddalashtirish choralarini ko‘rsin:

  • tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlarga 2020 yil 1 oktyabrga qadar kechiktirish taqdim etish;
  • amalga kiritilgan karantin rejimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan qarzdorlarning muddati o‘tib ketgan kreditlariga garov ta’minoti bo‘yicha jarima sanksiyalari va undiruv choralari qo‘llamaslik.

Belgilab qo‘yilsinki, tijorat banklari tomonidan kreditlar bo‘yicha hisoblangan va kechiktirilgan foizlar summasi kechiktirish taqdim etilgan davrda foyda solig‘ini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.

12. Belgilansinki, 2020 yil 1 oktyabrga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan:

  • loyihalar sonidan qati nazar, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun beriladigan kreditlar bo‘yicha kredit summasining 75 foizidan oshmagan, biroq 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda kafillik;
  • tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valyutada berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya, uning belgilangan miqdorlarini saqlab qolgan holda, taqdim etiladi.

Bitta qarz oluvchiga davlat jamg‘armasi tomonidan bir vaqtda ham kafillik, ham kompensatsiya berishga qo‘yilgan cheklov bekor qilinsin.

13. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mazkur Farmon doirasida to‘lov muddati kechiktirilgan kreditlarni qayta moliyalashtirish uchun tijorat banklariga ajratilgan resurslarni so‘ndirish muddatlarini uzaytirsin.

14. Moliya vazirligi manfaatdor tijorat banklari bilan birgalikda mazkur Farmon doirasida muddati uzaytirilgan kreditlar bo‘yicha berilgan davlat kafolatlarini qayta rasmiylashtirsin.

15. Belgilansinki:

  • koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun kiritilgan cheklov choralari tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan korxonalarga nisbatan bankrotlik tartib-taomillarini qo‘llash va ularni bankrot deb e’lon qilishga 2020 yil 1 oktyabrgacha bo‘lgan muddatda moratoriy joriy etiladi;
  • majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni 2019 yil yakunlari bo‘yicha auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish muddati 2020 yil 1 oktyabrgacha uzaytiriladi;
  • aksionerlarning 2019 yil yakunlari bo‘yicha yillik umumiy yig‘ilishlarini 2020 yil 1 oktyabrgacha muddatda, shuningdek, videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishga ruxsat beriladi;
  • aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravaridan ortiq bo‘lgan mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlarni har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish bo‘yicha talab 2020 yil yakunlari bo‘yicha kiritiladi;
  • karantinga olingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarni (karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik bundan mustasno) to‘lash muddatlari karantin muddati tugagunga qadar uzaytiriladi;
  • 2020 yil 1 oktyabrgacha dorixonalarda tayyorlanadigan dori vositalari, tibbiy buyumlar va boshqa mahsulotlarni ulgurji sotishga ruxsat beriladi;
  • yil yakuniga qadar qarz beruvchiga foiz shaklida daromad to‘lash majburiyatisiz qarz (qaytarib beriladigan moliyaviy ko‘mak) taqdim etilganda soliq solish maqsadida qayta moliyalash stavkasi (asosiy stavka) asosida aniqlanadigan daromad aylanmadan olinadigan soliq hamda foyda solig‘ini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi va o‘z navbatida soliqqa tortilmaydi;
  • karantin tadbirlari davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini hisoblash va undirish to‘xtatiladi;
  • foyda solig‘ini avvalgi chorak yakunlari asosida hisoblash bo‘yicha o‘rnatilgan talablarni bekor qilgan holda, ushbu soliqni to‘lovchilar 2020 yilning ikkinchi choragidan boshlab, kutilayotgan hajmlardan kelib chiqib foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlar summasi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etish huquqiga ega. Soliq to‘lovchilar tomonidan mazkur huquqni suiiste’mol qilish holatlari aniqlanganda davlat soliq xizmati organlariga foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlar to‘g‘risida taqdim etilayotgan ma’lumotnomalarga o‘zgartirishlar kiritish vakolati beriladi;
  • 2020 yil 1 apreldan boshlab soliq to‘lovchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni soliq solishdan bo‘shagan mablag‘larni muayyan maqsadlarga yo‘naltirish shartlarisiz qo‘llaydi.

Inqirozga qarshi kurashish bo‘yicha respublika komissiyasi (A.N. Aripov) ishlab chiqarish faoliyatini davom ettirayotgan shaxslar o‘z ishchilariga shart-sharoitlar tashkil etishi ustidan doimiy monitoring olib borish uchun ularga sanitariya-epidemiologiya xizmatlari va sog‘liqni saqlash muassasalarining biriktirilishini ta’minlagan holda, ushbu shaxslar faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun kiritilgan cheklov tadbirlari sababli bajarilmagan investitsiya majburiyatlari muddatlarini uzaytirish choralarini ko‘rsin.

16. Belgilab qo‘yilsinki:

  • koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot va karantin muassasalari qurilishi uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallari, shuningdek, ular faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur tovarlar 2020 yil 31 dekabrgacha muddatga bojxona to‘lovlaridan, shu jumladan qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi;
  • koronavirus infeksiyasini aniqlash bo‘yicha ekspress-testlarni olib kirishda ular uchun bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imi undirilmaydi.

17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5938-son Farmoniga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

18. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lashni kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyatini berish ishlari lozim darajada tashkil etilmaganligi mahalliy davlat hokimiyati organlariga ko‘rsatib o‘tilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lashni kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyati berilishi munosabati bilan mahalliy byudjetlarining olinmay qolinadigan daromadlari o‘rni Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan har oyda qoplanishini ta’minlasin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lashning amaldagi tartibiga oilalarning ijtimoiy nafaqa olishga muhtojligini baholash tartib-taomillarini soddalashtirishga, shu jumladan quyidagilarga qaratilgan o‘zgartirishlarni kiritsin:ijtimoiy nafaqa olish uchun ariza bilan birga taqdim etiladigan hujjatlarni kamaytirish;

davlatning ijtimoiy yordam choralari hisoblanuvchi alohida transfertlarni oilaning jami daromadlaridan chiqarib tashlash va boshqalar.

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlarning manzilliligini ta’minlash maqsadida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorlikda ishlasin, shuningdek, ijtimoiy yordamga o‘ta muhtoj bo‘lgan oilalarga yordam ko‘rsatish uchun tegishli ko‘maklarni jalb qilish bo‘yicha tezkorlik bilan choralar ko‘rsin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki hafta muddatda “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni kiritsin.

21. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev

 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Prezident farmoni

Baholaganlar

58

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing