Prezident tadbirkorlarga “maska shou”lar haqida kitob yozishni tavsiya qildi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev chempion tadbirkorlarga o‘zlarining so‘nggi 10 yillikdagi tajribasi va ushbu davrda nimalar bo‘lgani, bundan tashqari ilgari bo‘lgan “maska shou”lar haqida yoshlar uchun kitob yozishni tavsiya qildi. Bu haqda Prezident kecha, 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda so‘z ochdi.

Prezident kitob yozishni tavsiya qilgan chempion tadbirkorlar orasida Tohir Sharipov, Ulug‘bek Rustamov, Zafar Hoshimov, Shuhrat Ergashev, Farhod Mamajonov, Shuhrat Ilhomov, Faxriddin Ilyosov va Zafar Mustafoyevlar bor edi.

“Bilasizlarmi, nima uchun kerak? Mana, oralaringizda yosh tadbirkorlar o‘tiribdi. Bugun birinchi marta 25 ming tadbirkor qatnashyapti. Ularga sizlarning yo‘llaringiz o‘rnak bo‘ladi. Sizlarga o‘xshashga harakat qiladi. Balandparvoz gap emas: chempion tadbirkorlarimiz, sizlar bizning faxrimiz, sizlar bizning, qahramonlarimiz, desak ham to‘g‘ri bo‘ladi. Sizlar qancha qiyin yo‘ldan o‘tgansizlar, lekin bularga oson bo‘lyapti. Shu osonlikni inobatga olib, bular ikki karra ko‘p natijaga erishishi bo‘yicha da’vat qilsalaringiz, men sizlardan minnatdor bo‘laman”, deydi O‘zbekiston Prezidenti. 

Ochiq muloqot davomida tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev avvalgi davrlardagi tadbirkorlik bilan bog‘liq muammolar va qiyinchiliklarga to‘xtalgan. 

“Ilgarilari yuragimizni hovuchlab, biznesimizni rivojlantirishni emas, jon saqlashni o‘ylardik. O‘sha azobli kunlar, “maska shou”lar bizni shunchalik bezitib qo‘ygandiki, “tadbirkorlik” degan so‘zning o‘zi xavotir uyg‘otardi”, deydi u. 

Ortiqxo‘jayevning aytishicha, ilgari halol mehnati bilan oyoqqa turgan tadbirkor xuddi jinoyatchidek xavotir ichida yashagan. 

“Tadbirkorlik qilib, boshiga ne-ne kulfatlar kelganini shu yerda o‘tirgan, sochiga oq tushgan tadbirkorlar juda yaxshi eslaymiz. Bugungi yosh tadbirkorlar jannatda yashayapti. Albatta, buni qadriga yetishlari kerak. Bugun tadbirkorlar qo‘rqmay, hadiksiramay, erkin ishlayapti, chunki bizning ortimizda suyangan tog‘imiz, prezidentimiz bor”, deydi Ortiqxo‘jayev. 

Shuningdek, u qo‘shni davlatlar va chet eldagi tadbirkorlar O‘zbekistonga havas qilishini aytgan. Shundan so‘ng, Prezident Ortiqxo‘jayevga chempion tadbirkorlar kitobini birinchi o‘zi yozishi kerakligini aytgan. 

“Birinchi senga topshirig‘im, mana shuni o‘zing yozasan. Uch oyda bir sifatli qilib, ana shu “maska shou”ni ham yozgin”, deydi Prezident.

Ortiqxo‘jayev esa kitobni hamma detallar bilan yozib, Prezidentga ko‘rsatishini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing