Prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvdan so‘ng, har kuni 2 tadan qaror imzolanayotganini aytdi
Jamiyat
−
24 avgust 2021
5774Bugun, 24 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar bergandik.
Yig‘ilishni yakunlar ekan, davlat rahbari o‘tgan hafta tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarning ijrosiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 23 avgust kuni 60 ga yaqin tashabbus va takliflarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Shuningdek, har kuni kamida 2 tadan qaror imzolanayotgani ta’kidlangan.
“Yirik loyihalarni infratuzilmaga ulash, turizm, umumiy ovqatlanish va eksport qiluvchi korxonalarga imtiyozlar berish, qo‘shilgan qiymat solig‘i tizimini soddalashtirish, induksion pechlar bo‘yicha taqiqlarni bekor qilish kabi masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi”, deydi Prezident.
Davlat rahbariga ko‘ra, imtiyoz va yengilliklar tadbirkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishi zarur
“Ushbu berilgan imtiyoz va yengilliklar hozirgi murakkab pandemiya davrida va undan keyingi og‘ir sharoitda biz uchun iqtisodiyotning drayveri hisoblangan tadbirkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishi zarur. Aytilgan tashabbuslar har bir tadbirkorga yetib borishi, amalda bajarilishi, ular o‘z faoliyatida buning natijasini, albatta, his etishlari shart”, deydi Prezident.
Qayd etish kerakki, ushbu yig‘ilishda davlat rahbari hokimlarning ishidan qoniqmaganini aytib, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi muammolarni ko‘rsatib o‘tgan. Bundan tashqari, yig‘ilish doirasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov lavozimidan ozod etilgan.
LiveBarchasi