Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi

Jamiyat

image

Bugun, 20 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

“Bugun shuni faxr bilan ayta olamizki, yurtimizda yaratilayotgan har bir ish o‘rni, qad ko‘tarayotgan har bir korxona, xalqimiz og‘irini yengil qilayotgan har bir xizmat, eksport bo‘layotgan har bir mahsulot – sizning jasorat bilan qilayotgan mehnatingiz, tashabbus va izlanishingiz mahsulidir”, dedi davlat rahbari so‘zining avvalida.

Bildirilishicha, bugungi tadbir shunchaki anjuman emas, davlat va biznes o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan jonli va samimiy muloqot maydoni ekani ta’kidlangan.

“Har bir soha, har bir hudud, har bir mahalla – faqat tadbirkor harakat qilganida, ularga quloq tutib, ishonch bildirilganida rivojlanadi, obod bo‘ladi.
Shu bois, bugun sizlarni eshitamiz. Sizning ovozingiz orqali hal qilinadigan masalalarni birgalikda muhokama qilib, ularga aniq yechimlar haqida kelishib olamiz”, dedi Prezident.

Prezident islohotlarning ilk kunlaridanoq tadbirkorlar bilan hamfikr bo‘lib, iqtisodi qudratli, sanoati raqobatbardosh, moliyaviy tizimi barqaror, barcha sohalari investorlar uchun jozibador bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishilganini qayd etdi. O‘tgan sakkiz yilda mamlakat iqtisodiyotining ko‘plab tarmoqlari yangidan tashkil etildi. Bu davrda 230 milliard dollar investitsiya kirib keldi, shundan 120 milliarddan ortig‘i – xorijiy sarmoya.

“Bir qarashda aytishga oson ushbu raqamni oldinlari hisob-kitob qilish tugul, tasavvur qilib ham bo‘lmasdi. Lekin biz buni uddaladik”, dedi Prezident.

Turli nizo va ziddiyatlar tufayli jahon iqtisodiyoti g‘oyat murakkab davrni boshidan o‘tkazayotgan bir vaqtda pragmatik va proaktiv siyosat tufayli birinchi yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,2 foizga o‘sgani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, 18 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida farmon imzolagandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev tadbirkorlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing