Prezident ta’lim sohasiga oid muhim farmonni imzoladi
Jamiyat
−
06 Sentabr 2019
9629Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6 sentyabr kuni “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmonning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ta’lim sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish, innovatsion ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish orqali mamlakatda ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, professional ta’lim dasturlari YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uyg‘unlashmaganligi, o‘quv jarayoniga O‘zbekistonning Milliy kvalifikatsiya tizimi to‘laqonli joriy etilmaganligi tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashlariga to‘sqinlik qilmoqda.
Professional ta’lim tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda mazkur jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilish maqsadida:
1. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasida Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi (keyingi o‘rinlarda – Xalqaro tasniflagich) darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi hamda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari joriy etiladigan ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etilsin.
2. Quyidagilar:
Xalqaro tasniflagichning 3-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida 9-sinf bitiruvchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasalari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
Xalqaro tasniflagichning 4-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida o‘rta professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasalari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;
Xalqaro tasniflagichning 5-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida oliy ta’lim tizimi bilan integratsiyalashgan o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan, oliy ta’lim muassasalari huzurida faoliyat yuritadigan ta’lim muassasalari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;
Kasbga o‘qitish markazlarini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga o‘tkaziladigan kasb-hunar kollejlari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;
Oliy ta’lim muassasalari quvvatlarini oshirish, istiqbolda xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarini tashkil etish uchun beriladigan kasb-hunar kollejlari ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq;
Oliy ta’lim muassasalarining ko‘p tarmoqli o‘quv markazlari va amaliyot poligonlarini tashkil etish uchun beriladigan kasb-hunar kollejlari ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq;
Binolari umumiy o‘rta ta’lim muassasalari sifatida foydalaniladigan kasb-hunar kollejlari ro‘yxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga zarur hollarda ushbu band bilan tasdiqlangan ro‘yxatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalariga Xalqaro tasniflagich bo‘yicha asosiy ta’lim dasturlaridan tashqari quyi darajadagi ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash huquqi beriladi;
b) tizimda mos ravishda boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etiladi;
v) kasb-hunar maktablarida:
kadrlar tayyorlash umumta’lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan guruhlarda 2 yillik umumta’lim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi;
ta’lim olayotgan o‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan ta’minlanadi. Bunda kasb-hunar maktablari o‘quvchilarni uch mahal ovqat bilan ta’minlash yoki mazkur ovqat pullarini ularga to‘lab berish huquqiga ega;
joriy saqlash, faoliyatni yuritish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
g) kollejlarda:
kadrlar tayyorlash Xalqaro tasniflagichning kamida 3-darajasiga mos ta’lim dasturlarini tamomlagan, “Hayot davomida ta’lim olish” prinsipi asosida kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
joriy saqlash, faoliyatni yuritish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari tegishli vazirlik, idoralarning byudjetdan tashqari mablag‘lari, o‘quvchilarni davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
d) texnikumlarda:
kadrlar tayyorlash Xalqaro tasniflagichning kamida 3 yoki 4-darajasiga mos ta’lim dasturlarini tamomlagan, “Hayot davomida ta’lim olish” prinsipi asosida kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan shakllantirilgan guruhlarda kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
o‘rta maxsus ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi;
joriy saqlash, faoliyatni yuritish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari tegishli vazirlik, idoralarning byudjetdan tashqari mablag‘lari, o‘quvchilarni davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
ye) kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarga idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar o‘quv-metodik rahbarlik qilish hamda bu sohada davlat siyosatini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020 yil 1 yanvardan yangi tashkil etiladigan boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalarining ta’minotiga, shu jumladan, ularning joriy saqlanishiga, faoliyatini yuritishiga, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga Davlat byudjeti parametrlari doirasida zarur moliyalashtirishni nazarda tutsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini tugatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tugatilishi hisobiga bo‘shaydigan mablag‘lar professional ta’lim tizimini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) ikki oy muddatda Milliy kvalifikatsiya tizimiga muvofiq Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblari klassifikatorini qayta ko‘rib chiqsin;
b) ilg‘or xorijiy tajribalar asosida:
uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasida milliy kvalifikatsiya ramkasini;
2020 yil 1 yanvargacha iqtisodiyotning barcha tarmoqlari uchun Kvalifikatsion ramkalarni;
2020 yil 1 aprelgacha Milliy professional standartlarni ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
a) quyidagilarni:
ikki oy muddatda Uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’limi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashni;
uch oy muddatda kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarning namunaviy ustavlarini tasdiqlashni;
2020 yil 1 yanvargacha hududlarda investitsion loyihalar asosida yaratilayotgan ish o‘rinlari, kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojlardan kelib chiqib, ta’lim muassasalarining ixtisoslashuvini inobatga olib, mavjud jihozlarni qayta taqsimlashni;
2020 yil 1 aprelgacha idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar professional ta’lim muassasalarining o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’lim ustalarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yangi tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) 2020 yil 1 iyungacha boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi uchun ta’lim dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad hamda vazifalarini keng yoritish bo‘yicha chiqishlar va mavzuga oid ko‘rsatuvlarni tashkil etsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.