Prezident Surxondaryoda Saydulla Mirzayev xonadonida mehmon bo‘ldi

Jamiyat

image

Bugun, 8 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga qilgan safari chog‘ida Termiz shahridagi Guliston mahallasiga tashrif buyurdi.

So‘nggi yillarda bu yerda yangi uylar, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, bolalar o‘yingohlari barpo qilindi. Hovlilarda yashovchilar yerdan unumli foydalanib, dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik bilan shug‘ullanadi.

Davlat rahbari shu yerlik Saydulla Mirzayev xonadoniga kirib, oilaning yashash sharoitlari bilan tanishdi.

Oila boshlig‘i uzoq yillar cho‘ponlik qilgan. Turmush o‘rtog‘i Hosiyat aya bilan 6 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Xonadon obod. Tomorqadagi issiqxonada limon ko‘chatlari ekilgan.

“Surxondaryo – Xudo bergan zamin. Bu yerda qishloq xo‘jaligidan bir yilda uch marta hosil olish mumkin. Shundan foydalanib, rivojlangan davlatlardan texnologiya olib kelib, mahsulotlarga bozor topishimiz kerak. Bu ham qo‘shimcha daromad, yangi ish o‘rinlari bo‘ladi”, deydi Prezident.

Saydulla ota bugungi kunda o‘g‘li tadbirkor, kelini shifokor bo‘lib ishlayotgani, nevaralari yaxshi ta’lim olayotgani, turmushiga shukr qilishini aytdi.

“Shukronalik – eng ezgu qadriyat. Hozir yashash uchun ham, o‘qish, ishlash uchun ham hamma sharoit bor. Eng avvalo, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik bo‘lishi kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlat rahbari Termiz shahrining Manguzar mahallasida qurilgan zamonaviy ko‘p qavatli uylarni ham ko‘zdan kechirdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi. Davlat rahbari Toshkentga qaytib keldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

233

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing