Prezident so‘nggi 5 yilda Qorqalpog‘istonga qancha mablag‘ yo‘naltirilganini aytdi
Jamiyat
−
03 iyul 2022
15786Oxirgi besh yilda Qoraqalpog‘istonning mahalliy byudjetiga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Ma’lumki, keyingi yillarda biz sizlar bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdik. Ularning amaliy natijalarini ushbu diyorda yashayotgan har bir inson bugun o‘z hayotida his etmoqda.
Oxirgi besh yilda hududning mahalliy byudjetiga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish bo‘yicha muhim dasturlar izchil amalga oshirilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “temir daftar”ga kiritilgan 65 mingga yaqin oilaga, 16 yoshgacha bolalikdan nogiron a’zosi bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan 17 ming oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi”, deydi Prezident.
Mirziyoyevning qayd etishicha, birgina 2020 yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshgan.
Shuningdek, so‘nggi besh yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 marta o‘sgan. O‘nlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy agroklasterlar, qo‘shma korxonalar ishga tushirildi. Respublikada minglab yangi ob’ektlar barpo etilgan, rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. Jumladan, ko‘plab bolalar bog‘chalari, umumta’lim va ixtisoslashgan maktablar, oliygohlar, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirilgan.
Bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017 yildagi 32 foizdan 75 foizga yetgan.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari holatini yaxshilash bo‘yicha keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
“Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, hududni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ham faol ish olib borilmoqda. Xususan, bir paytlar nochor ahvolga tushib qolgan Mo‘ynoq bugun butunlay yangicha qiyofa kasb etib, jadal rivojlanib borayotgan zamonaviy tumanlardan biriga aylandi", deydi davlat rahbari.
LiveBarchasi