Prezident Sherali Jo‘rayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
05 Sentabr 2023
17781Kecha, 4 sentyabr kuni O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev 77 yoshida vafot etgani haqida xabar bergandik. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sherali Jo‘rayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston madaniyati va san’ati og‘ir judolikka uchradi.
Sherali Jo‘rayev 1947 yil 12 aprelda Andijon viloyatining Asaka shahrida tug‘ildi.1971 yilda Toshkent teatr va rassomchilik san’ati instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ni tamomlab, mehnat faoliyatini “Shodlik” ashula va raqs ansamblining xonandasi sifatida boshladi. Ko‘p yillar Andijon viloyati filarmoniyasi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi kabi ijodiy tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatib, sidqidildan xizmat qildi.
Sherali Jo‘rayev o‘zining noyob iste’dodi, betakror ovozi va yuksak ijro mahorati bilan yuzlab yorqin qo‘shiqlar yaratib, xalq o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor topdi. Mumtoz va zamonaviy adabiyotning ko‘plab she’riy namunalarini kuyga solib, o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining “oltin fondi”ni boyitishga beqiyos hissa qo‘shdi.
Keyingi yillarda “Vatandoshlar” jamoat fondining Vasiylik kengashi raisi vazifasida samarali mehnat qilib, xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashda munosib xizmat qildi. Mohir san’atkor o‘zbek milliy qo‘shiqchiligida o‘z ijodiy maktabini yaratib, ko‘plab yosh iste’dod egalarini tarbiyaladi.
U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan edi.
“Betakror san’atkor, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi Sherali Jo‘rayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi xabarda.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi