Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahridagi muqaddas qadamjolarda bo‘ldi
Jamiyat
−
07 aprel 2019
4776O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 6 aprel kuni Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilish marosimida ishtirok etish uchun Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurgan edi.
Mamlakat Prezidenti tantanali marosimda ishtirok etishdan oldin Termiz shahrining shimoli-sharqiy qismida joylashgan Sulton Saodat (Sayyidlar sultoni) me’moriy majmuasida bo‘ldi.
Xl-XVII asrlarda qad rostlagan ushbu majmua 20 ga yaqin maqbaradan iborat. Peshtoq va gumbazli chorsu xonali salobatli imoratlar o‘z davrida yuksak did bilan bezatilgan.
Prezident mazkur majmuani ziyorat qilib, o‘tganlar ruhiga qur’on tilovat qilindi. Manbalarda qayd etilishicha, so‘lim va sokin bu go‘shada Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning qizlari Fotima onamizning beshinchi avlod nabirasi Hasan al-Amir mangu qo‘nim topgan. Bu ulug‘ zot Termiz sayyidlarining sultoni bo‘lgan.
Mutaxassislar fikricha , Hasan al-Amir o‘z yaqinlari bilan Samarqandga ko‘chib kelgan. Bu yerda o‘n bir yil yashab, Balxga ko‘chadi. Taxminan 865 yilda Termizga kelib, yashab qolgan.
Vafot etgach, shu yerda dafn etilgan. Asrlar davomida ushbu mo‘’tabar zotning avlodlari uchun ham bu yerda mahobatli maqbaralar qurilgan. Endilikda me’moriy obida mamlakatimiz va xorijlik sayyohlar ko‘p keladigan maskanlardan biriga aylangan.
Ular Payg‘ambarimiz avlodlarining xokini ziyorat qilib, ruhan quvvat oladi.
Ajdodlar tomonidan turli asrlarda yaratilgan bo‘rtma ravoqlar, serjilo naqsh va to‘lqinli ganch bezaklari asosida yuksak did bilan ishlangan nafis me’morlik san’atidan bahramand bo‘ladi.
Tarixning guvohlik berishicha, IX asrda o‘zbek xalqi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan Termiz sayyidlari xonadoni shakllangan. Markaziy Osiyo sayyidlarining ko‘pchiligi o‘z kelib chiqish tarixini shu xonadon bilan bog‘lashi bejiz emas.
Kitoblarda davlat boshqaruvi va nizomida, jumladan, Sohibqiron Amir Temur saltanati rivojida Termiz sayyidlarining alohida xizmati borligi ta’kidlangan.
Sohibqiron Hindistonga yurishlari chog‘ida hamisha Termiz sayyidlari xonadonida to‘xtab, mehmon bo‘lgani qayd etilgan. Yana bir manbada Amir Temur Termiz sayyidlariga alohida hurmat ramzi sifatida Sulton Saodat majmuasining bir qismi hisoblangan xonaqoh ham bunyod ettirgani, lekin noyob inshoot hozirgi davrgacha saqlanib qolmagani yozilgan.
Davlat rahbari ushbu qadamjoni yanada obod qilish, Imom Buxoriy, Zangiota kabi ziyoratchilar ko‘p tashrif buyuradigan maskanga aylantirish, ilmiy jihatdan o‘rganish yuzasidan ko‘rsatma berdilar.
Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Hakim Termiziy maqbarasini ham ziyorat qildi.