Prezident shakar, bug‘doy va yog‘ narxi bo‘yicha topshiriq berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasiga ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga ko‘maklashish orqali aholi talabini qondirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Prezident bugun, 23 mart kuni iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z ochgan.

“Koronavirus pandemiyasi paytida hamma sohalarni og‘ir sharoitdan olib chiqish bo‘yicha qarorlar qabul qilganimiz o‘z natijasini berdi. Hozirgi vaziyatda ham xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilishimiz kerak. Dunyoda bo‘layotgan voqealar natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun aniq chora-tadbirlarni belgilab olishimiz zarur. Ayniqsa, tadbirkorlarga yengillik yaratib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”, deydi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, tarmoq va hududlarda kunlik monitoring o‘rnatib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish kerak. Tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘alarini to‘ldirishi uchun revolver kredit berish tizimini yanada soddalashtirish zarur.

Ma’lumki, bugungi kunda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda muammolar kuzatilmoqda hamda ularning narxi sezilarli oshyapti. Shu bois, davlat rahbari Vazirlar Mahkamasiga ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga ko‘maklashish orqali aholi talabini qondirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi. Shuningdek, inflyatsiya darajasini kamaytirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlarga tezroq qaytishini ta’minlash Hukumatning asosiy vazifasi ekani yana bir bor qayd etildi.

Markaziy bankka tashqi valyuta bozoridagi noaniq vaziyatni inobatga olgan holda, ichki valyuta bozori barqarorligi va almashuv kursi moslashuvchanligini ta’minlashda ehtiyotkorona yondashuvni qo‘llab borish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda ichki valyuta bozoridagi holatni kunlik kuzatib, tadbirkorlarni, umuman, xalqni joriy vaziyat, kutilayotgan o‘zgarishlar va ko‘rilayotgan choralar haqida xabardor qilish kerakligi ta’kidlandi.

Prezident eksport masalasiga ham to‘xtalib, eksportchi korxonalarning transport-logistika masalalarini hal qilib borish, ularning transport xarajatlarini qisman qoplash amaliyotini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

788

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing