Prezident saylovi: tashviqot ishlari boshlandi. Nomzodlar qanday huquqlarga ega?

Jamiyat

image

Bugun, 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga start berildi.

Hozirgacha O‘zbekistondagi beshta siyosiy partiya o‘z nomzodlarini ko‘rsatib bo‘lgan. Bular:

•    O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Alisher Qodirov;

•    O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Narzulla Oblomurodov.

•    O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisova;

•    O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Bahrom Abduhalimov;

•    Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev.

Nomzodlar joriy yilning 14 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi qaroriga muvofiq, ro‘yxatga olindi.

O‘zbekiston qonunchiligiga binoan prezidentlikka nomzodlar huquqlari kafolatlari, xususan, saylovoldi tashviqotini olib borish huquqi ular Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi. QALAMPIR.UZ prezidentlikka nomzodlar tashviqot olib borishda qanday huquq va majburiyatlarga ega ekanligi haqida qonunchilikda nima deyilganiga e’tibor qaratdi.

Nomzodlar saylovoldi tashviqotini qanday olib boradi?

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 41-moddasiga ko‘ra, Markaziy saylov kamissiyasi tomonilan ro‘yxatga olingan barcha nomzodlar teng huquqlarga ega bo‘ladi. Darhaqiqat, nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, saylovoldi yig‘ilishlarida, televideniye va radio orqali so‘zga chiqish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod bo‘lish huquqiga ega. Ushbu qoida bilan bog‘liq norma O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 165-moddasida ham belgilangan.

Saylovoldi tashviqot deganda saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyati hisoblanadi. Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida barcha saylovoldi tashviqotlar to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga, siyosiy partiyalarga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi. Ma’lumki, ommaviy axborot vositalari u yoki bu nomzodning muvaffaqiyat qozonishida muhim rol o‘ynashi mumkin. Chunki, saylovoldi uchrashuvlari va yig‘ilishlarida yuzlab saylovchilar ishtirok etsa, ommaviy axborot vositalari orqali millionlab saylovchilarga ma’lumot yetkazib beriladi. Shu sababli prezidentlikka nomzodlarning, siyosiy partiyalarning barchasi o‘z saylovoldi tashviqotini yuritishi uchun OAVdan foydalanishda teng huquqqa egaligi kafolatlangan.

Shuningdek, Saylovoldi tashviqotini o‘tkazishdan maqsad Prezidentlikka nomzodlarning ichki va tashqi siyosat, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy sohalarga oid muammolarni hal qilish yo‘llari va bu tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan rejalari ifoda etilgan faoliyat dasturi bilan chiqishi saylovchilarni o‘zlariga jalb qilish, o‘z tarafdorlarini ko‘paytirish imkonini berishdan iboratdir.

Quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi:

•    davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining;
•    O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning;
•    saylov komissiyalari a’zolarining;
•    diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining.
•    Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.

Tashviqot quyidagicha tarzda olib boriladi:

•    siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;
•    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;
•    nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish.
•    Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Tashviqot:

•    ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘i orqali;
•    bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali;
•    saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Prezidentlikka nomzod ro‘yxatga olinganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida davlat yo‘lovchilar transportining barcha turlarida (shahar yo‘lovchilar transportidan, taksidan va transport boshqa turlarining buyurtma yo‘nalishlaridan tashqari) tekinga yurish huquqiga ega bo‘ladi. Nomzodlarning xizmat safari va boshqa xarajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi.

Ma’lumot uchun, noto‘g‘ri axborotni, shuningdek, nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi. Ushbu harakatlar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi 51-6-moddasida javobgarlik belgilangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-4-moddasida nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzganlik uchun ham javobgarlik belgilangan.
 


Maqola muallifi

Teglar

MSK Saylov-2021 Nomzodlar

Baholaganlar

44

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing