Prezident Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari va murabbiylar bilan uchrashadi 

Jamiyat

image

Ertaga, 13 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchilar bilan uchrashadi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, davlat rahbari O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida Tokio shahridagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 iyulidan 8 avgustiga qadar Yaponiya poytaxti Tokioda XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada 67 nafar vakil 17 ta sport turida O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Ular joriy yilning 9 avgust kuni Vataniga qaytdi va Toshkent xalqaro aeroportida munosib kutib olindi. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston vakillari Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida umumiy hisobda 5 ta medal qo‘lga kiritdi va jahon reytingida 32-o‘rinni band etdi. Qayd etish kerakki, ushbu natija turkiyzabon hamda Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lish uchun yetarli bo‘ldi.  

Tokioda Ulug‘bek Rashidov (taekvondo), Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika) va Bahodir Jalolov (boks) oltin, Davlat Bobonov (dzyudo) va Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash) esa bronza medaliga ega chiqdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Oltin medal qo‘lga kiritgan sportchilarga 200 000 dollar, bronza medal sohiblariga 50 000 dollar mukofot puli berilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Olimpiadaga litsenziya olgan 67 nafar sportchining har biri 100 million so‘m, murabbiy esa 50 million so‘m bilan rag‘batlantirilgan edi. Bundan tashqari, joriy yilning 9 avgust kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida Olimpiya chempionligini qo‘lga kiritgan Ulug‘bek Rashidov, Akbar Jo‘rayev va Bahodir Jalolov Tahoe avtomobili hamda uch xonali “kottej” bilan, bronza medalga ega bo‘lgan Behzod Abdurahmonov hamda Davlat Bobonov TrailBlazer va ikki xonali uy bilan taqdirlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

370

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing