Prezident oilasida bunday odat yo‘q – To‘qayev tug‘ilgan kunini nishonlamaydi
Olam
−
17 may 2021
8160Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tug‘ilgan kunini nishonlamaydi. Bu haqda Prezidentning matbuot kotibi Berik Uali ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, bir nechta ommaviy axborot vositalari To‘kayev tug‘ilgan kunini qanday nishonlashini so‘rab Prezident matbuot kotibiga savol yo‘llagan.
“Menga bir qator ommaviy axborot vositalari vakillari davlatimiz rahbari tug‘ilgan kunini qanday nishonlayotgani haqida aytib berish iltimosi bilan murojaat qilmoqda. O‘tgan yili biz bu borada tushuntirish berdik, yana bir bor eslatib qo‘ymoqchiman”, deydi kotib Berik Uali.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston Prezidenti uchun bugun, 17 may – shunchaki ish kuni.
“Joriy yilning 17 may kuni ish kuniga to‘g‘ri keladi. Prezident Qosim-Jomart Kemelevich o‘z jadvaliga muvofiq ishlaydi. Ushbu sana munosabati bilan hech qanday tadbir bo‘lmaydi, hatto ma’muriyat xodimlaridan ham Prezidentni tabriklashdan tiyilish iltimos qilindi. Davlat rahbari uchun bu oddiy ish kuni, chunki uning oilasida bolalarning ham, ota-onalarning ham tug‘ilgan kunlarini nishonlash odat tusiga kirmagan”, deya tushuntirdi Uali.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Respublikasining ikkinchi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 17 may kuni 68 yoshni qarshiladi. U 2019 yildan buyon mamlakatni Nazarboyevning Elboshiligi ostida boshqarib kelmoqda.
Garchand Qozog‘iston Prezidenti o‘z tug‘ilgan kunini nishonlamayotgan bo‘lsa-da, diplomatik etika yuzasidan bir qator davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari To‘kayevni tabriklagan.
Shu jamladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Qosim-Jomart To‘qayevni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va muvaffaqiyat tilagan.
LiveBarchasi