Prezident Nurafshondagi Ijtimoiy himoya majmuasini borib ko‘rdi

Jamiyat

image

Bugun, 22 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligining yangi barpo etilgan Ijtimoiy himoya majmuasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan davlat ijtimoiy xizmatlari ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent viloyatida ilk marotaba tashkil etilgan Ijtimoiy himoya majmuasi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga kompleks xizmatlarni bir joyda ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

U yerda 5 ta muassasa – Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi, hududiy Ijtimoiy inspeksiya, Nurafshon shahri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi hamda hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi joylashtirilgan.

Majmua barpo etilishi hisobiga har yili Nurafshon shahri hamda unga yaqin bo‘lgan O‘rta Chirchiq, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlarida 10 mingga yaqin fuqaro ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi.

Mazkur muassasada 100 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritib, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning jamiyatga to‘laqonli va mustaqil moslashishiga ko‘mak beriladi.

Shuningdek, hududiy ijtimoiy xizmatlar markazida fuqarolarning individual ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda nodavlat sektor imkoniyatlarini keng jalb etish orqali 5 turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Natijada ko‘p yillar uyida o‘tirib qolgan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan bolalar jamiyatga integratsiya qilinadi.

Shu yerning o‘zida davlat rahbari nogironligi bo‘lgan shaxslarni yangi standart va sun’iy intellekt yordamida tashxislash, Toshkent viloyat tajribasi asosida mahalladagi ijtimoiy xodimlarning yangicha ishlash mexanizmlari taqdimoti bilan tanishgan.

Prezident mazkur Ijtimoiy himoya majmuasida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirar ekan, aholining muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatga munosib moslashishi hamda ijobiy ruhiyat bilan yashashiga ko‘maklashish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidlagan.

Shundan so‘ng, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyatidagi “Inson” volontyorlari jamoasi bilan suhbatlashib, ularning loyihalari bilan tanishgan. Majmua faoliyatini ma’qullab, respublika bo‘ylab shunga o‘xshash hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini uch barobarga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq bergan.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirib, hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini respublikada kamida 90 taga yetkazish maqsad qilingan. Bunda yangi markazlar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi ko‘p istiqomat qiladigan, transport qatnovi qulay hamda fuqarolar uchun yetib borish oson bo‘lgan hududlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida Toshkent – Samarqand yo‘nalishidagi yangi yo‘l qurilishini boshlab bergandi va A-373 va Toshkent katta xalqa yo‘llari kesishmasida barpo etilgan yangi yo‘l o‘tkazgichni ko‘zdan kechirgan edi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali bo‘yida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing