Prezident Nurafshonda. Toshkent viloyatiga hokim tayinlanishi kutilmoqda

Jamiyat

image

Bugun, 22 sentyabr kuni Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etmoqda.

Davlat rahbari nutqining avvalida iqtisodiyot rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan, mehnatkash, bag‘rikeng, ko‘p millatli poytaxt viloyati ahliga chuqur hurmati va eng ezgu tilaklarini bildirdi.

Toshkent viloyati o‘zining tabiiy va qazilma boyliklari, sanoat va transport-logistika salohiyati, barqaror energiya ta’minoti, malakali mehnat resurslari bilan ajralib turishi ta’kidlandi.

“Mavjud barcha imkoniyatlarni to‘liq ishga solib, viloyatga yanada ko‘p investitsiya olib kelish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini ko‘paytirish, infratuzilmani yaxshilash, aholi muammolarini hal etish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi”, deydi Prezident.

Sessiyada Toshkent viloyatiga hokim tayinlash bo‘yicha tashkiliy masala ko‘rib chiqilmoqda.

Prezident 2021 yil noyabr oyidan buyon Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Mirzayev Zoyir Toirovich nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

Nomzod bo‘yicha muhokamalarni boshlashdan avval so‘zni nomzodga berib, uning 10 oy davomida viloyatda to‘plagan tajribasi va xulosalari asosida kelgusida hududni jadal rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha rejalarini eshitish taklif qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

369

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing