Prezident neft va gaz qidiruviga doir qarorni imzoladi
Jamiyat
−
19 noyabr 2019
7845O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Neft va gazgeologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4388-son qaroriga muvofiq, shuningdek, uglevodorod xomashyosi uchun geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini yanada oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “O‘zbekneftgaz” AJning O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda – Davlat geologiya qo‘mitasi) quyidagi funksiyalarni topshirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin:
yangi uglevodorod xomashyosi konlarini ochish uchun neft va gaz istiqbolli tuzilmalarini aniqlash va tayyorlashga qaratilgan ilmiy-tadqiqot, regional geologik-tasvirlash, geofizik va burg‘ulash ishlarini olib borish;
respublika uglevodorod xomashyosi zaxiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, yangi uglevodorod xomashyo konlarini ochishni ta’minlashga yo‘naltirilgan geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirish ishlarini tashkillashtirish.
“O‘zbekneftgaz” AJ 2019 yil yakuniga qadar Davlat geologiya qo‘mitasiga ilmiy-tadqiqot va geofizik ishlarini olib borishning amaldagi loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda barcha mavjud istiqbolli maydonlar, investitsiya bloklari va uglevodorod xomashyosi konlari bo‘yicha fond va boshqa materiallarni taqdim etsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
2020 yildan boshlab neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;
neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari doirasida yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalari va mutaxassislarini jalb etgan holda, geologiya-qidiruv ishlarini tashkil qilishning xalqaro standartlarini tatbiq etish choralari amalga oshiriladi;
neft va gaz bo‘yicha ilmiy-tadqiqot, regional geologik-tasvirlash, geofizik va burg‘ulash ishlari hamda zamonaviy uskunalar, ilmiy hajmdor texnologiyalar, dasturiy mahsulotlar, maxsus va avtotransport texnikalari bilan jihozlash choralari neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlarida ko‘zda tutiladi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Davlat geologiya qo‘mitasining asoslangan hisob-kitoblari asosida moliyalashtiriladi;
neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga burg‘ulanib, qurilishi yakunlangan quduqlar ularni Davlat geologiya qo‘mitasi va uning tashkilotlari tomonidan yer qa’ridan muayyan foydalanuvchilarga berilguniga qadar soliqqa tortish ob’ekti hisoblanmaydi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat geologiya qo‘mitasining “O‘zbekneftgaz” AJ va “O‘zburg‘uneftgaz” AJning “O‘zbekgeofizika” AJ hamda “Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti” AJning ustav kapitallaridagi ulushlarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Moliya vazirligi, Agentlik va Davlat geologiya qo‘mitasi bilan birgalikda 2020 yilning 1 iyuliga qadar geologiya-qidiruv xizmatlari sohasi va ushbu tarmoqdagi raqobat darajasini o‘rgangan holda 1-ilovaga muvofiq Davlat geologiya qo‘mitasi tarkibiga kiruvchi davlat korxonalarini Agentlikka aksiyador (ta’sischi va ishtirokchi) huquqini berish orqali qayta tashkil etishni ta’minlasin.
Davlat geologiya qo‘mitasi Agentlik va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda har bir davlat korxonasini qayta tashkil etish bo‘yicha tadbirlar rejasini ularning aniq muddatlari va mas’ul ijrochilarini ko‘rsatgan holda ishlab chiqsin, tasdiqlasin hamda amalga oshirilishini ta’minlasin.
Belgilansinki, “O‘zbekgeofizika” AJ, “Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti” AJ hamda qayta tashkil etilayotgan davlat korxonalari o‘z faoliyatini Davlat geologiya qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi tarkibida amalga oshiradi.
4. Quyidagilar belgilansin:
“O‘zbekneftgaz” AJ va “O‘zburg‘uneftgaz” AJning “O‘zbekgeofizika” AJ hamda “Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti” AJning ustav kapitallaridagi ulushlarining Agentlikka berilishi balans qiymatida “O‘zbekneftgaz” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi kamaytirilishi hisobiga amalga oshiriladi;
ushbu qarorga asosan bir tashkilotdan boshqa tashkilotga berilayotgan va qabul qilinayotgan mulklar, mulkiy huquqlar, shu jumladan, aksiyalar va ustav kapitallaridagi ulushlar barcha soliq turlari bo‘yicha soliqqa tortish ob’ekti hisoblanmaydi;
“O‘zbekgeofizika” AJ hamda “Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti” AJ aksiyalari Agentlik egaligiga o‘tishi yangi sotib olingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi;
“O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning “O‘zbekgeofizika” AJ hamda “Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti” AJ bilan amaldagi shartnomalar bo‘yicha huquq va majburiyatlari saqlanib qolinadi.
5. Davlat geologiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan:
Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan bajariladigan 2020-2021 yillarda yer qa’rini uglevodorod xomashyosiga geologik o‘rganish ishlarining asosiy parametrlari 2-ilovaga muvofiq;
“O‘zbekgeofizika” AJ hamda“Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti” AJ moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash va mustahkamlash uchun sotib olinadigan zamonaviy geofizik, laboratoriya va boshqa qurilmalar, dasturiy mahsulotlar, maxsus va avtotransport texnikalari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;
Mineral-xomashyo, jumladan, neft va gaz bazasini rivojlantirish va qayta tiklash bo‘yicha faoliyatni bosqichma-bosqich isloh qilish va tijoratlashtirish yo‘li bilan geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 4-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida Davlat geologiya qo‘mitasiga har yili tasdiqlanadigan mineral-xomashyo bazasini (shu jumladan, neft va gazni) rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlariga muvofiq, shuningdek, ushbu qaror bilan topshirilayotgan funksiyalarni hisobga olgan holda mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 maydagi “2017-2021 yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2954-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Ishchi guruh zimmasiga (keyingi o‘rinlarda – Ishchi guruh) ushbu qarordan kelib chiqadigan topshiriq va chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilsin.
8. Amaldagi loyihalar doirasida ilgari boshlangan parametrik va izlov quduqlarini burg‘ulash ishlarini tugatish sharti bilan uglevodorod xomashyosi uchun geologiya-qidiruv ishlarini litsenziya olmagan holda olib borish huquqi “O‘zbekneftgaz” AJda saqlab qolinsin.
9. Davlat geologiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “O‘zbekneftgaz” AJ bilan birgalikda uch oy muddatda:
2020-2025 yillarda uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirishning maqsadli ko‘rsatkichlarini;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasi bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” AJga yer qa’ridan foydalanish huquqini beruvchi tegishli litsenziyani taqdim etgan holda, neft va gazgeologiya-qidiruv ishlari doirasida u tomonidan quduqlarni burg‘ulash ishlari amalga oshiriladigan istiqbolli tuzilmalar va uglevodorod konlarining ro‘yxatini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Quyidagilarga:
“O‘zbekneftgaz” AJga Neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturi doirasida avval boshlangan loyihalar bo‘yicha “O‘zbekgeofizika” AJ hamda“Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti” AJ bilan ilmiy-tadqiqot, tematik, geofizik va laboratoriya ishlarini bajarish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga;
“O‘zbekneftgaz” AJ, Davlat geologiya qo‘mitasi va ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga, shu jumladan, aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etilayotgan davlat korxonalariga 2021 yilning oxiriga qadar geologiya-qidiruv va qo‘shimcha ishlarni bajaruvchi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari doirasida tender savdolarisiz tanlov o‘tkazish yo‘li bilan davlat xaridlarini amalga oshiruvchi pudratchilarni aniqlashga ruxsat berilsin.
11. Xorijiy investorlar tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ bilan ilgari tuzilgan kelishuvlar doirasida keyinchalik Davlat geologiya qo‘mitasi bilan yer qa’rini geologik o‘rganish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun taqdim etilgan materiallar o‘rganiladigan investitsiya bloklari ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki:
xorijiy investorlar bilan kelishuvlar muddati tugaganidan so‘ng investitsiya bloklari va istiqbolli uchastkalar Davlat geologiya qo‘mitasi tasarrufiga o‘tadi;
investitsiya bloklari chegaralari va maydonlari Davlat geologiya qo‘mitasi tasarrufiga o‘tganidan so‘ng investorlarni jalb etish jarayonini optimallashtirish uchun bir yil ichida qayta ko‘rib chiqiladi.
12. 2020 yil 1 yanvardan quyidagi mexanizm joriy etilsin, unga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 maydagi “Strategik muhim turdagi qattiq foydali qazilma konlarini geologik o‘rganish va o‘zlashtirishga xorijiy investitsiyalar jalb qilishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3000-son qarorida ko‘rsatilgan strategik foydali qazilma turlari mavjud yer qa’ri uchastkalarini foydalanishga topshirish litsenziyalarni berish shaffofligini ta’minlovchi auksion savdolar asosida amalga oshiriladi;
strategik foydali qazilma turlariga ega yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqining boshlang‘ich bahosi geologik tadqiqot uchun – imzo bonusi stavkasi miqdorida, qazib chiqarish uchun – tijorat topilma bonusi stavkasi miqdorida qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda belgilanadi. Bunda strategik foydali qazilma turlariga ega yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqining boshlang‘ich bahosi Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan bajarilgan qidiruv va razvedka ishlari xarajatlaridan kam bo‘lmasligi kerak;
strategik foydali qazilma turlariga ega yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi realizatsiyasidan tushgan mablag‘lar auksion savdolarini tashkillashtirishga ketgan xarajatlar chegirilgandan keyin, o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga yo‘naltiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larning ishlatilganligi hamda erishilgan natijalar to‘g‘risidagi Davlat geologiya qo‘mitasining hisoboti har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etiladi;
xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining texnik ko‘magi, auditorlar va mustaqil maslahatchilarni jalb etgan holda, shaffof tartib-taomillar asosida tender hujjatlarini tayyorlash va savdolarni tashkillashtirish, investitsion geologik ob’ektlarni baholash yo‘li bilan strategik turdagi foydali qazilmalarni qazib chiqarishga doir investitsiya bitimlarini tuzish amaliyoti qo‘llaniladi.
Davlat geologiya qo‘mitasi tasdiqlangan mineral-xomashyo bazasini (jumladan, neft va gazni) rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlari bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish uchun Davlat geologiya qo‘mitasiga ajratiladigan yillik mablag‘lar doirasida yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqining boshlang‘ich qiymatini baholash bo‘yicha xizmatlar haqi to‘lovi uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
13. Belgilab qo‘yilsinki, Davlat geologiya qo‘mitasi:
Ishchi guruhning ishchi organi va ilmiy-tadqiqot va geofizik ishlar, shuningdek, barcha istiqbolli uchastkalar, investitsiya bloklari va uglevodorod xomashyosi konlari bo‘yicha amaldagi loyihalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning egasi hisoblanadi;
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalardan tashqari, salohiyatli xorijiy investorlar ishtirokida neft va gaz istiqbolli tuzilmalarini geologik o‘rganish sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va muvofiqlashtirish uchun mas’ul ijrochi organ hisoblanadi;
neft va gazgeologiya-qidiruv ishlarini olib borayotgan yer qa’ri foydalanuvchilari uchun umuman respublika mineral-xomashyo bazasini mutanosib rivojlantirish va qayta tiklashni ta’minlashni hisobga olgan holda uglevodorod xomashyo zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalarni belgilaydi.
14. Belgilansinki, yer qa’rini geologik o‘rganish, foydalanish va uni muhofaza qilish, shuningdek, konchilik munosabatlarini boshqarish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Davlat geologiya qo‘mitasi bilan kelishilishi shart.
15. Davlat geologiya qo‘mitasining markaziy apparati tuzilmasida:
xodimlarning cheklangan soni 9 nafardan iborat Neft va gaz geologiyasi boshqarmasi;
xodimlarning cheklangan soni 7 nafardan iborat Neft va gazburg‘ulash ishlarini tashkillashtirish boshqarmasi;
xodimlarning cheklangan soni 4 nafardan iborat Xarid ishlarini tashkillashtirish boshqarmasi tashkil qilinsin.
Davlat geologiya qo‘mitasiga ushbu bandga asosan tashkil etiladigan boshqarmalarni butlash maqsadida qo‘shimcha 14 nafar boshqaruv xodimlari shtat birliklari ajratilsin.
Davlat geologiya qo‘mitasi raisining neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazish masalalarini muvofiqlashtiruvchi o‘rinbosari lavozimi kiritilsin.
16. Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparatining yangilangan tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3578-son qarorida:
10-bandning uchinchi xatboshisi, shuningdek, 5-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
11-banddagi “339” va “92” raqamlari tegishincha “391” va “107” raqamlari bilan almashtirilsin.
18. Davlat geologiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S.Sultanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2019 yil 18 noyabr