Prezident Namanganda jinoyatchilikka qarshi yangi loyiha bilan tanishdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi «Orzu” mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod va xavfsiz mahalla” konsepsiyasi asosida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

“Orzu” - Namangan shahrining o‘z nomiga munosib, orzu-havas qilsa arzigulik namunali mahallasi. 2013 yilda tashkil topgan mazkur mahallada namunaviy loyihalar asosidagi 830 ta hamda yakka tartibdagi 1 ming 682 ta uy mavjud. Bu yerda qariyb 12 yarim ming aholi maishiy qulaylik va imkoniyatlardan bahramand holda hayot kechirmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yili viloyatga tashrifi chog‘ida bu yerda bo‘lib, "Orzu" mahallasi misolida aholiga qulayliklar yaratish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha butun mamlakatga namuna bo‘ladigan tizim taqdimoti bilan tanishgan edi.

Bugun ushbu mahalla qiyofasida mamlakatda xalq turmush darajasi va madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, fuqarolar ongu tafakkurida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar yaqqol ifodasini topgan. Hududda tashkil etilgan “Orzu” kichik sanoat zonasida 15 ta loyiha ishga tushirilib, 930 dan ziyod ish o‘rni yaratildi. Shundan qariyb 400 tasiga mahalla fuqarolari joylashdi. Bitta bog‘cha, 650 o‘rinli maktab, dorixona, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, fitnes klubi, mini-futbol maydoni barpo etildi. O‘tgan yili davlat xizmatchilari uchun 20 ta xizmat uyi qurib berildi.

Prezidentning mahallaga bu galgi tashrifi yana bir xayrli tashabbusning boshlanishiga turtki berdi. Bu yerda xavfsiz mahalla va Namanganda “aqlli shahar” loyihasini hayotga tatbiq etishga kirishildi.

Prezident mamlakatda yangilik bo‘lgan loyiha - Namangan shahrining ijtimoiy-iqtisodiy geoaxborot monitoring va raqamli boshqaruv tizimi bilan tanishar ekan, eng katta masala jinoyatchilikni kamaytirishga erishish ekanini ta’kidladi.

Yangi tizimning maqsadi shahardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni uzluksiz o‘rganib borish, kundalik nazorat qilish, muammoli holatlarni dasturdagi tahliliy ma’lumotlar asosida tezkor bartaraf etish, qaror qabul qilishda yuqori samara beruvchi yangi innovatsion onlayn boshqaruv usuliga o‘tishdan iborat.

Mazkur tizimda barcha ko‘rsatkichlar geoxarita orqali monitorda aks etadi. Jumladan, aholi soni, yolg‘iz keksalar, ta’lim muassasalari, mehnat bozori, investitsiyaviy loyihalar, kambag‘al oilalar, kriminogen muhit kabi ma’lumotlar uzluksiz kiritib boriladi.

Tajriba sifatida ishga tushirilgan bu tizim keyinchalik barcha sohalardagi elektron bazalarga ulanadi. Natijada shahardagi ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni onlayn kuzatish, vaziyatni xolis baholash, muammolarni nazoratga olish va kerakli chora-tadbirlar ko‘rish mumkin bo‘ladi. Bu esa aholining osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlashda muhim samara beradi.

Davlat rahbari viloyatdagi yoshlar va jinoyatga moyil qatlamni sektorlar tomonidan nazoratga olish va shu orqali jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha hali tizimli ishlar qilinmayotganiga e’tibor qaratdi. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura mutasaddilariga mahallalarda tinchlikni ta’minlashga to‘sqinliq qilayotgan omillarni o‘rganish, sektorlar ishlashi uchun qonunchilikka tegishli me’yorlarni kiritish yuzasidan topshiriqlar berildi.

"Viloyatdagi sektorlar rahbarlari endi jinoyatchilikka qarshi kurashda natija bo‘yicha javob beradi. Jinoyat qancha kamaydi, qaysi adashganni to‘g‘ri yo‘lga qaytardi degan savollarga javob topish uchun mana shu tizimga o‘tayapmiz. Ham iqtisodiyotni, ham jinoyatchilikni, ham tinchlikni, ham adolatni joyiga qo‘ysak, xalqimiz uchun munosib sharoit yaratgan bo‘lamiz", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Aholi bilan ishlash uchun psixolog kadrlar tayyorlashni kengaytirish, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

Namanganda jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan viloyat sektorlari rahbarlarining axborotlari tinglandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

70

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing