Prezident mulkchilikka oid muhim hujjatni imzoladi
Jamiyat
−
14 avgust 2019
7609O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida biznes yuritish tartib-taomillarini sezilarli darajada soddalashtirish, infratuzilmani yaxshilash va moliyaviy manbalarni kengaytirish orqali tadbirkorlikning izchil o‘sishi ta’minlanmoqda.
Aholining turli qatlamlarini, shu jumladan, yoshlar, kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj fuqarolar hamda kichik korxonalarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Birgina “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun 7,2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Shu bilan birga, bir qator hal etilmagan muammolar saqlanib qolmoqda, ayniqsa, yer uchastkalarini ajratish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda, tadbirkorlik sub’ektlarining ishlab chiqarish infratuzilmasidan, kredit va boshqa moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashda byurokratik to‘siqlar va sansalorliklar uchramoqda.
Mansabdor shaxslar davlat himoyasida bo‘lgan xususiy mulkning daxlsiz ekanligini, har qanday vaj bilan xususiy mulkni, shu jumladan, avval xususiylashtirilgan mulkni olib qo‘yish, asosli zaruratsiz mulkni buzib yuborish g‘ayri huquqiyligini anglab yetmayapti hamda yer uchastkalarini ajratishda o‘zboshimchaliklarga yo‘l qo‘ymoqda, bu esa mulkdorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoyalash kafolatlarini kuchaytirish va bunday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun ushbu mas’ul shaxslarning javobgarligini oshirishni taqozo etmoqda.
Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar kompleks va tezkor hal etishni, barcha darajadagi davlat organlarining yagona uslubiy rahbarlik ostida o‘zaro muvofiklashtirilgan hamkorlik qilishini, xususiy mulkning ishlashi, yer uchastkalarini realizatsiya qilish, tender savdolarini o‘tkazish hamda davlatga tegishli bo‘lmagan bino va inshootlarni buzishga oid aniq va lo‘nda huquqiy normalarni yaratishni, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni, aholining keng qatlamlarini biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb etishni talab etadi.
Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha turtki berish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, joylarda ijtimoiy qamrov darajasini oshirish maqsadida:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – "Davergeodezkadastr" qo‘mitasi) va ularning xududiy bo‘linmalari hamda boshqa vakolatli davlat organlari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining xususiy mulkning daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini ta’minlash, tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va yanada ko‘paytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risidaginormalarini so‘zsiz ijro etish va ularga qat’iy rioya qilish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirilsin.
Bosh prokuratura va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (keyingi o‘rinlarda – Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil):
• xususiy mulkdorlarga ularning huquqlarini buzgan holda zarar yetkazilishiga, shu jumladan, mulk huquqini noqonuniy cheklash va (yoki) undan mahrum qilish, xususiy mulkka, jumladan, avval xususiylashtirilgan mulkka tajovuz qilish, mulkdorga qasddan nomaqbul shartlarni, shu jumladan, mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishga doir asossiz talablarni qo‘yish, shuningdek, mulkni olib qo‘yish yoxud mulk egasini shaxsiy mulk huquqidan voz kechishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan tizimli nazorat (kontrol) o‘rnatsin;
• mansabdor shaxslar tomonidan suiiste’mol va qonunbuzarlik holatlarining oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur choralarni ko‘rsin.
2. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu Farmon qoidalarini hisobga olgan holda qonun hujjatlariga, shu jumladan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga mulkdorlarning xususiy mulk daxlsizligi, o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka mustaqil egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, mulkdorlarga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer maydonining bozor qiymatida to‘liq qoplanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
3. Quyidagilar barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tadbirkorlik sub’ektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi eng muhim vazifalari etib belgilansin:
• tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarining so‘zsiz bajarilishi, mulk va boshqa mulkiy huquqlar buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi tamoyillariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash;
• aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, barqaror rivojlanayotgan tadbirkorlik sub’ektlari sonini yanada ko‘paytirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rish, shuningdek, o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorlar bilan ishlashni kuchaytirish;
• faoliyat ko‘rsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va noturarjoy ob’ektlari negizida kichik sanoat zonalarini tashkil etish, yer uchastkalarini belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali ajratishda ko‘maklashish;
• tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy, tovar va xom ashyo resurslari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi, investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishida amaliy yordam ko‘rsatish;
• tadbirkorlik sub’ektlari uchun mavjud imkoniyatlar, imtiyozlar va boshqa moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida, davlat idoralarining rasmiy veb-saytlarida muntazam ravishda yoritib borish;
• O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda konsultativ yordam va axborot jihatdan ta’minlash, tadbirkorlarning moliyaviy va huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha joylarda seminar-treninglar o‘tkazish;
• tadbirkorlarga biznes forumlar, ko‘rgazmalar va yarmarkalarni tashkil etish va o‘tkazishda ko‘maklashish, ularda mahalliy va xorijiy tadbirkorlik sub’ektlarining keng ishtirokini ta’minlash;
• tadbirkorlarga ishonchli sheriklar va ishlab chiqarayotgan mahsulotlari uchun yangi bozorlarni topishda, eksport salohiyatini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklariga quyidagilar taqiqlansin:
• tadbirkorlik sub’ektlarini o‘zlarining asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan, homiylik va xayriya yordami ko‘rsatish ishlariga, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, temir-tersak va makulatura yig‘ish hamda boshqa ishlarga majburiy jalb qilish;
• tadbirkorlik sub’ektlarini har qanday shaklda qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga (ekish va yig‘ib olish ishlariga) va mehnat resurslari, pul mablag‘lari va boshqa moddiy boyliklarni yo‘naltirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;
• tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida majburiy tartibda, shu jumladan, ularga nisbatan ma’muriy va boshqa choralarni qo‘llash tahdidi ostida yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish.
5. 2020 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlarigaberilsin.
6. 2020 yil 1 martdan kuchga kiradigan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni (keyingi o‘rinlarda – Qonun) qabul kilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 1 fevralga qadar Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartib-taomillarini aprobatsiya qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment (keyingi o‘rinlarda – huquqiy eksperiment) o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar huquqiy eksperimentning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
• qonuniylik, ixtiyoriylik, haq to‘lash, xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining va ularda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining birligi, yer uchastkalarini xususiylashtirishning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartib-taomillarining samaradorligini aniqlash;
• qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish mexanizmlarini amalda qo‘llash samaradorligini baholash;
• qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi davlat organlarining vakolatlarini ularning amaliy samaradorligi, tartibga solinadigan munosabatlar sohalarini to‘liq qamrab olinishi jihatidan monitoring o‘tkazish;
• ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish va aholini biznes bilan shug‘ullanishga jalb qilish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
• bir oy muddatda Qonunning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan zarur hujjatlar, shu jumladan, Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartib-taomillarini aprobatsiya qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni qabul qilsin;
• ikki oy muddatda Sirdaryo viloyati hududlarining rejalashtirish sxemasi tasdiqlanishini ta’minlasin;
• ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, aholi o‘rtasida huquqiy eksperiment amaliy ijrosining borishini muntazam ravishda yoritib borsin;
• huquqiy eksperiment natijalariga ko‘ra, 2020 yil 5 fevralga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga Qonun normalarini yanada takomillashtirish va uni respublikaning boshqa hududlarida qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritsin.
9. 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlarini, shu jumladan, ta’lim muassasalari (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bundan mustasno), sog‘liqni saqlash va sport, madaniyat, xususan kinoteatrlar, klublar, konsert-tomosha ko‘rsatish muassasalari va kinolashtirish ob’ektlari, shuningdek, davlat tashkilotlarining bo‘sh turgan yer uchastkalaridan(keyingi o‘rinlarda – foydalanilmayotgan aktivlar) doimiy foydalanish huquqini xo‘jalik faoliyatiga jalb qilish va sotish tartibi joriy etilsin. Unga muvofiq:
• foydalanilmayotgan aktivlarning mulkdorlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va "Davergeodezkadastr" qo‘mitasi hududiy boshqarmalarining tegishli so‘rovi kelib tushgan vaqtdan boshlab ikki oy muddatda balansda saqlovchining yuqori turuvchi tashkiloti (agar mavjud bo‘lsa) bilan kelishilgan, foydalanilmayotgan ob’ektlar va bo‘sh turgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish bo‘yicha “yul xaritasi”ni (keyingi o‘rinlarda – “yo‘l xaritasi”) taqdim etishi shart;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida foydalanilmayotgan ob’ektlarni xo‘jalik faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan “yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi;
• foydalanilmayotgan aktivlarning balansda saqlovchisi tomonidan “yo‘l xaritasi” taqdim etilmagan yoki unda nazarda tutilgan foydalanilmayotgan aktivlardan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan muddatda bajarilmagan yoxud “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash rad etilgan hollarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘z vakolatlari doirasida foydalanilmayotgan aktivlarni olib qo‘yish va sotish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir.
10. Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasining 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab quyidagi tartiblarni o‘rnatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari respublikaning barcha hududlarida faqat “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali taqdim etiladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq yer uchastkalari berish hollari bundan mustasno.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlariga, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari ushbu tartibni buzganlik uchun shaxsiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilsin;
b) jismoniy va yuridik shaxslarga “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aniq investitsiya majburiyatlari bilan birga yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish maydonchasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keyinchalik ularni elektron onlayn-auksionga qo‘yish masalasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchunjoylashtirish to‘g‘risida takliflar kiritish huquqi beriladi.
“Davergeodezkadastr” qo‘mitasi tadbirkorlik va shaharsozlik uchun taklif qilinadigan yer uchastkalarining joylashuvi to‘g‘risidagi axborotlar O‘zbekiston Respublikasining ochiq ma’lumotlar portalida va o‘z rasmiy veb-saytida joylashtirib borilishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu banddagi qoidalarni hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali tadbirkorlik faoliyati uchun taqdim etishning yangi tartibini joriy etishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin va unda jumladan quyidagilarni nazarda tutsin:
• "Davergeodezkadastr" qo‘mitasi organlari tomonidan “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ma’lumotlarning mustaqil kiritilishi;
• yer uchastkalarini tanlash bo‘yicha materiallarni vakolatli organlarga kelishish va xulosa berish uchun avtomatik tarzda yuborish;
• yer uchastkalarini tanlash bo‘yicha materiallarni kelishish paytida qurilishga ruxsat berilgan yoki taqiqlangan ob’ektlar turlarini aniqlash, arxitektura-reja topshirig‘ini ishlab chiqish, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni taqdim etish;
• yer uchastkalarini tanlash bo‘yicha materiallar yuzasidan muayyan davlat organlari xulosalarini olish talabini bekor qilish;
• kelishuv va ijobiy xulosalar berilgandan so‘ng qo‘shimcha qarorlarsiz yer uchastkalarini “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali elektron onlayn-auksionga qo‘yish;
• elektron onlayn-auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma asosida yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olish, shuningdek, auksion g‘olibiga yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi qaror o‘rniga Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan ko‘chirma berish.
11. Jahon banki tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tizimini kengaytirish va uning samaradorligini oshirish, aholining keng qatlamlarini biznes yuritishga jalb qilish va boshlang‘ich kapitaldan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bo‘yicha davlat organi sifatida tavsiya etilganO‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
• kichik biznes va tadbirkorlikni, xususiy tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha davlat va hududiy dasturlarishlab chiqish va amalga oshirish;
• vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish, biznes muhitini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagifaoliyatini muvofiqlashtirishni tashkil etish;
• ishbilarmonlik muhitining joriy holatini o‘rganish, shu jumladan, so‘rovnomalar o‘tkazish asosida, hamda yer uchastkalari taqdim etish va qurilish-montaj ishlarini bajarish tartib-taomillarini soddalashtirish, kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarining ishlab chiqarish infratuzilmasi, boshqa moddiy-xom ashyo va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan byurokratik to‘siqlar va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
• biznesni kengaytirishni rag‘batlantirishga, qo‘shimcha qiymat yaratishning yaxlit zanjirlarini shakllantirishga, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishga, eksportni ko‘paytirishga, doimiy ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilgan natijaga qaratilgan vositalarni joriy etish;
• yirik ishlab chiqaruvchilar tomonidan kichik va o‘rta korxonalar – oraliq tovarlar va xizmatlar (xom ashyo, butlovchi qismlar va boshqalar)ni yetkazib beruvchilar faoliyatini, shu jumladan, tijorat banklarida maqsadli depozitlar ochish hisobiga moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish;
• kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlariga, shu jumladan, aholining zaif qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarigakafilliklar va kafolatlar, shuningdek, tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish shaklida moliyaviy yordam ko‘rsatish;
• kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarini qonunchilik, yangi texnologiyalar va mahsulotlar, bozorlar va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlash (bepul telefon va onlayn-maslahat xizmatlari, o‘quv markazlari, biznes-inkubatorlar, axborot xizmatlari va boshqalar) tizimini shakllantirish;
• xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihalarini amalga oshirish, ularga texnik va maslahat ko‘magini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish;
• Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha kabulxonalari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha davlat va hududiy dasturlarni tayyorlash, ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda yaqindan hamkorlik qilish.
12. Belgilab qo‘yilsinki, Agentlik respublika davlat boshqaruvi organi bo‘lib, o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga bo‘ysunadi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligining:
“Mikrokreditbank” ATB va “Xalq banki” ATBni “oilaviy tadbirkorlik”ni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtiruvchi banklar etib belgilash;
“oilaviy tadbirkorlik”ni rivojlantirish va, umuman, aholining tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash davlat dasturlari doirasida avval ajratilgan kreditlar hisobiga bo‘shaydigan mablag‘larni “Mikrokreditbank” ATB va “Xalq banki” ATBga keyinchalik kredit bozorida buzilishlarni bartaraf etish, pul mablag‘laridan teng foydalanish imkoniyatini ta’minlash va maqsadli moliyaviy resurslardan foydalanishdan ijtimoiy-iqtisodiy samarani oshirish maqsadida kichik biznes va tadbirkorlikni bozor sharoitlariga yaqin stavkalarda kreditlash uchun yo‘naltirish.
Moliya vazirligi Agentlik va manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish imkoniyati cheklangan aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini talab mavjud bo‘lgan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitishga, ularni ijtimoiy va nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalarini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini ushbu tadbirlarni “oilaviy tadbirkorlik”ni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ilgari berilgan kreditlarni “Mikrokreditbank” ATB va “Xalq banki” ATBlariga joylashtirishdan tushgan qo‘shimcha daromadlar hisobiga moliyalashtirishni nazarda tutgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
a) 2019 yil oxiriga qadar quyidagilarni:
• mijozlarning kreditga layoqatliligini baholashga asoslangan hamda ularga joylashgan joyi va tijorat banklari filiallarida moliyaviy resurslarning mavjudligidan qat’i nazar tadbirkorlik faoliyati uchun kreditlarni soddalashtirilgan tartibda va teng shartlarda jalb qilish imkonini beruvchi “bir xil” (namunali) bank mahsulotlari – “modul”larni ishlab chiqishni va kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlariga bank xizmatlarini ko‘rsatish amaliyotiga joriy etishni;
• tijorat banklarining kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlariga kreditlar ajratish bo‘yicha alohida tarkibiy bo‘linmalarini tashkil qilishni, ajratilayotgan kreditlarning maqsadliligi va samaradorligini ta’minlash yuzasidan ushbu bo‘linmalar xodimlarining javobgarligini, shuningdek, moliyalashtirilayotgan loyihalarni amalga oshirish natijalariga qarab ularning mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimini kuchaytirishni;
• Sirdaryo va Andijon viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida mijozlarga tezkor xizmat ko‘rsatish uchun ixcham “bank xizmatlari ofislari”ni tashkil qilish, keyinchalik respublikaning barcha shaharlari va tumanlarida ularning tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishni ta’minlasin;
b) ikki oy muddatda bank xizmatlari menejmenti va tizimini tubdan isloh qilish, shuningdek, bank sektorini davlat tasarrufidan chiqarish bo‘yicha quyidagilarga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin:
• tijorat banklarida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish va uning samaradorligini oshirish;
• tijorat banklarining mijozga qaratilganlik darajasini oshirish, ularda samarali infratuzilma yaratish va yangi xizmat turlarini, shu jumladan, axborot texnologiyalarini joriy etish;
• tijorat banklarining operatsion xarajatlarini optimallashtirish;
• tijorat banklariga kreditlar hajmi va ularning foiz stavkalarini mavjud talabga asosan mustaqil ravishda belgilash huquqini bergan holda imtiyozli foiz stavkalari bilan kreditlar ajratish amaliyotini bekor qilish;
• davlat ulushi ishtirokidagi tijorat banklarini xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlar moliyaviy tashkilotlari va konsalting kompaniyalari ishtirokidagi, bozor tamoyillari asosida ishlaydigan universal banklarga transformatsiya qilish.
15. 2019-2020 yillarda tijorat banklari tomonidan kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJ:
• Agentlik, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda o‘zining quyi bo‘g‘indagi bo‘linmalari tomonidan kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida xizmatlarni, shu jumladan, tadbirkorlik tavakkalchiligi, garov, lizing, asbob-uskunalar, yuklar, javobgarlik va boshqalarni sug‘urta qilish masalalari bo‘yicha muntazam ravishda seminarlar va treninglar tashkil etilishini ta’minlasin;
• tijorat banklari bilan birgalikda tadbirkorlik tavakkalchiligini sug‘urta qilish shartlarida kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan kreditning garov ta’minoti bilan qoplanmagan qismini kredit qaytmaslik xatari bo‘yicha sug‘urtalashni amalga oshirsin;
• Agentlik bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, 2019 yil 1 oktyabrga qadar kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarining sug‘urta xizmatlarini olish uchun sarflaydigan xarajatlari va vaqtini qisqartirishga qaratilgan tadbirkorlik tavakkalchiligini sug‘urta qilish shartlaridagi zamonaviy sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqsin va joriy etsin.
17. Belgilansinki, moliyaviy yil uchun barcha turdagi kreditning qaytmaslik xatarini sug‘urtalash (kreditlar va lizing operatsiyalari bo‘yicha tadbirkorlik tavakkalchiligini sug‘urtalash) shartnomalari bo‘yicha sug‘urta qoplamalarining umumiy miqdori “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJ o‘z kapitalining 10 foizidan oshgan taqdirda, kompaniyaning o‘z kapitali 10 foizidan ortiq miqdoridagi zarari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi har chorakda “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJ Kuzatuv kengashida kreditning qaytmaslik xatarini sug‘urtalash (kreditlar va lizing operatsiyalari bo‘yicha tadbirkorlik tavakkalchiligini sug‘urtalash) shartnomalari bo‘yicha sug‘urta qoplamalarining hajmlari va ular bo‘yicha kutilayotgan yo‘qotishlar to‘g‘risidagi jamiyat ijro etuvchi organining hisoboti eshitilishini ta’minlasin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va Agentlik 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab:
• tadbirkorlik sub’ektlarini, shu jumladan, ma’lum sabablarga ko‘ra faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini hisobga olishning yagona yondashuvini;
• tadbirkorlik sub’ektlarining demografiyasi, shu jumladan, ularning faoliyat davri bo‘yicha statistik ma’lumotlar shakllantirilishini;
• har oyda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga o‘z faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik sub’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilishini ta’minlasin.
19. 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Bosh vazir qabulxonalarining hududiy bo‘linmalari rahbarlarini o‘z faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik sub’ektlarining tadbirkorlik faoliyatini tiklash va unga jalb qilish, tegishli hududda ularning sonini oshirish yuzasidan rag‘batlantirish va javobgarligini kuchaytirish tizimi joriy etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu bandni amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
20. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda viloyatning oliy o‘quv yurtlariga o‘tkazilayotgan kasb-hunar kollejlari negizida, shu jumladan, xususiy sektor ishtirokida tadbirkorlik, marketing va biznesni boshqarish kabi biznes yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish uchun O‘zbekistonda “Binary” (Malayziya) xalqaro menejment va tadbirkorlik universitetining filialini ochish masalasini ko‘rib chiqsin.
21. O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov bir oy muddatda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan dolzarb muammolarni muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari huzurida faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillari orasidan jamoatchilik kengashlari tuzilishini hamda ushbu kengashlar to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlanishini ta’minlasin.
Belgilansinki, tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlari yig‘ilishlarida aytilgan (taqdim etilgan) takliflari va tashabbuslari keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ularning amalda bajarilishini ta’minlash maqsadida muntazam ravishda Agentlikka yuboriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlariga tashkil etiladigan jamoatchilik kengashlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
22. Belgilab qo‘yilsinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining iqtisodiy va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari tizimli ravishda:
• Agentlik bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi, ijro etilishi va monitoringini tashkil qiladi;
• har haftaning dushanba, seshanba va chorshanba kunlari tumanlar va shaharlar sektorlari rahbarlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyatning tegishli organlari bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida mahallalarga chiqishni tashkillashtiradi;
• Agentlikka kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish, shuningdek, hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun zarur xizmatlar ko‘rsatadigan tegishli bozor infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha takliflar kiritadi.
23. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) etib qayta tashkil qilinsin va Agentlik tarkibiga o‘tkazilsin.
24. Belgilab qo‘yilsinki:
a) kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarini, shu jumladan, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash Jamg‘arma tomonidan bosh bitimlar asosida vakolatli tijorat banklari orqali milliy va xorijiy valyutada amalga oshiriladi;
b) kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarini, shu jumladan, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash asosan kafilliklar va kafolatlar shaklida, boshqa hollarda esa tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar shaklida amalga oshiriladi;
Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda bir oy muddatda umumqabul qilingan metodika asosida kafilliklar va kafolatlar, shuningdek, tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar shaklida moliyaviy ko‘mak oluvchi salohiyatli qarzdorlar – kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarini tanlashning aniq mezonlarini tasdiqlasin;
v) kafolatlar va kafilliklar, shuningdek, tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar moliyaviy resurslarga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga, shuningdek, aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga ularning belgilangan mezonlarga mos keladigan tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun tadbirkorlik faoliyatining barcha yo‘nalishlaridagi loyihalarni moliyalashtirish uchun taqdim etiladi, quyidagilarni nazarda tutuvchi kreditlar bundan mustasno:
• ilgari olingan kreditlar yoki boshqa har qanday qarzni qaytarish;
• alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;
• savdo-vositachilik va umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarining aylanma mablag‘larini shakllantirish;
• savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlarini qurishni moliyalashtirish;
• nobank kredit tashkilotlari va lizing kompaniyalarining resurs bazasini shakllantirish;
• qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil qilish, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun uskunalar sotib olish;
d) quyidagilar moliyaviy ko‘mak olish uchun asoslantirilgan arizalarni Jamg‘armaga taqdim etish yuzasidan mas’ul tashkilotlar hisoblanadi:
• kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari buyurtmalari bo‘yicha –tijorat banklari;
• aholining ijtimoiy zaif qatlamlari buyurtmalari bo‘yicha –tumanlar va shaharlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy bo‘linmalari mas’ul hisoblanadi.
25. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Jamg‘arma hisobidan tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kafillikning eng ko‘p miqdorini kredit summasining 50 foizigacha miqdorda saqlab qolgan holda, uning miqdorini 2 milliard so‘mdan 8 milliard so‘mgacha ko‘paytirish;
b) Jamg‘arma tomonidan kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlariga:
• summasi 10 milliard so‘mdan, foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan milliy valyutadagi kreditlar uchun – qayta moliyalash stavkasidan oshadigan, lekin 5 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi;
• ekvivalenti 10 milliard so‘mdan oshmaydigan xorijiy valyutadagi kreditlar uchun – tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foizpunktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etish.
Belgilab qo‘yilsinki, ushbu band talablari tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Jamg‘arma tomonidan taqdim etiladigan kafilliklar va kompensatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining avval qabul qilingan hujjatlari va Hukumat qarorlari bilan tasdiqlangan shartlariga tatbiq etilmaydi.
26. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:
• “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini belgilangan tartibda kiritsin;
• O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy bo‘linmalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rsin;
• boshqaruv qarorlarini qabul qilish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish uchun mamlakat hududlariga yuborilgan vazirlik va idoralar vakillarining roli va vakolatlarini qayta ko‘rib chiqsin.
27. Vazirlik va idoralar, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
• O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni talablariga qat’iy rioya qilgan holda tadbirkorlik sub’ektlarini davlat xaridlari jarayoniga keng jalb etish orqali barcha davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarining shaffofligi va raqobatbardoshligini ta’minlash bo‘yicha samarali choralarni ko‘rsin;
• O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ushbu qonunga muvofiq bo‘lmagan topshiriqlari, shu jumladan, qonunda ko‘zda tutilmagan, yagona yetkazib beruvchidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish imkonini ko‘zda tutuvchi bayonnomalar shaklidagi topshiriqlarni kiritish amaliyoti qat’iyan taqiqlansin;
• davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish taqiqlansin.
28. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining axborot tizimlarini integratsiya qilgan holda korporativ buyurtmachilarning amalga oshiradigan davlat xaridlari bo‘yicha to‘lovlar hisobini yuritish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
29. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va "Davergeodezkadastr" qo‘mitasi ikki oy muddatda o‘z tuzilmalarini funksional jihatdan takomillashtirish va quyidagilar bilan bog‘liq ayrim vakolatlarni hududiy bo‘linmalarga o‘tkazishni nazarda tutgan holda, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida ularning hududiy bo‘linmalari roli va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
• qurilish ob’ektlarini loyihalashtirish, qurish, qabul qilish, foydalanish va ta’mirlash, ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish, loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, qurilish inspeksiyasini amalga oshirish, boshqa turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish;
• yer tuzishni tashkil etish, yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish, yer resurslarini hisobga olish, baholash va monitoring qilish, ushbu sohada tizimli davlat nazoratini amalga oshirish, boshqa turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish.
30. Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini kiritishda tadbirkorlik faoliyati sohasida ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan mehnat munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha normalarni nazarda tutsin.
31. “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda olti oy muddatda xalqaro va milliy standartlarga muvofiq tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning milliy klassifikatorini ishlab chiqsin.
32. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi PQ–4231-son qarori bilan tashkil etilgan Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasiga ushbu Farmonda belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish hamda chora-tadbirlarning muvofiqlashtirilishini ta’minlash vazifasi yuklansin.
33. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi faoliyatini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5679-son Farmoni 1-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
34. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 2019 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradigan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar 2-ilovaga muvofiq kiritilsin.
35. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:
• bir hafta muddatda Agentlik faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini;
• O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
36. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2019 yil 13 avgust
LiveBarchasi