Prezident Mirziyoyev 215 nafar mahkumni afv etdi
Jamiyat
−
27 avgust 2021
7000O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida 215 mahkum afv etildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan ozod etilgan, 127 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 12 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan. Shuningdek, 73 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirilgan.
Afv etilganlarning 14 nafarini ayollar, 12 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 69 nafarini chet davlat fuqarolari, 15 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
LiveBarchasi