“Prezident mendan har kuni hisobot so‘rayapti”. Saida Mirziyoyeva havo holati bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqda

Jamiyat

image

Bugun, 2 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva raisligida Toshkent shahridagi havo holati bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazilmoqda. Bu haqda maxsus komissiyaning Telegram-kanalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda qabul qilingan chora-tadbirlar xususida Toshkent shahri va viloyati hokimlari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi hamda huquq-tartibot idoralari vakillari axborot bermoqda.

Bildirilishicha, vaziyat rahbariyat nazoratida, doimiy kuzatuv va tahlil olib borilmoqda, davlat havo ifloslanishi muammolarini bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘rmoqda.

“Prezidentimiz mendan har kuni bu masala bo‘yicha hisobot so‘rayaptilar. Xalqimizning salomatligi bilan bog‘liq masala bo‘lgan joyda hech birimizning sustkashlikka yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Maxsus komissiya yig‘ilishida Saida Mirziyoyeva Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yashil hududlarni saqlash va ko‘paytirish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlagan.

Administratsiya rahbari Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimlaridan bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar yuzasidan muntazam ravishda hisobot berib turishni talab etgan.

Yig‘ilishda Saida Mirziyoyeva maxsus komissiya a’zolari oldiga aniq vazifalar qo‘ygan. Xususan, hozirda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muayyan muddatlarga ega bo‘lishi va tizimli ravishda bajarilishi lozim. Kelgusi yilda bunday vaziyat takrorlanmasligi kerak.

Ko‘rib chiqilgan keng qamrovli chora-tadbirlar majmuasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: 

  • yashil maydonlarni barpo etish turlari va joylari; 
  • ariq tizimini qayta tiklash; 
  • issiqxonalar va sanoat korxonalari chiqindilarini kamaytirish hamda havo sifatini yaxshilash bo‘yicha boshqa shoshilinch harakatlar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologik barqarorlik, qish mavsumiga tayyorgarlik va yong‘in xavfsizligi masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, unda havoga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha omillarni qat’iy nazorat ostiga olish bo‘yicha topshiriq bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing