Prezident “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida qatnashish uchun Seulga boradi
Jamiyat
−
20:24 261 1 daqiqa
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning taklifiga binoan 13-16 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari Seul shahrida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar, Milliy Assambleya Spikeri Cho Chjon Shik, Bosh vazir Xan Son Suk, Koreyaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va kengaytirish, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida kooperatsiyani chuqurlashtirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Qayd etilishicha, Prezident birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ham ishtirok etadi. Unda savdo, investitsiyalar, infratuzilma, raqamli transformatsiya, ilm-fan, texnologiyalar va boshqa ko‘plab sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Seul deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, so‘ngi bor ikki mamlakat rahbarlari 2025 yil 23 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi doirasida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Live
Barchasi