Prezident maktablariga kimlarning bolasi qabul qilinadi?

Bu qiziq

image

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 20 fevral kuni “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. 

Xo‘sh, respublika bo‘ylab tashkil etilayotgan Prezident maktablarida kimlarning bolasi tahsil oladi? Bu yerda o‘qishning shartlari qanday? Bu savollarning javobi ko‘plab ota-onalarni qiziqtirayotgan bo‘lsa ajab emas. Javoblar esa qarorda keltirib o‘tilgan. 

Unga ko‘ra: 

•    Prezident maktablariga qabul qilish respublika umumta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi;

•    Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi;

•    birinchi o‘quv yilida Prezident maktablarining har biriga 5-10-sinflarga 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi;

•    Prezident maktablarida ta’lim jarayoni xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi;

•    Prezident maktablarida "STEAM – ta’lim" (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san’at, Mathematics – matematika) dasturi joriy etiladi;

•    Prezident maktabining 9-11-sinflarida o‘qitish o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini inobatga olgan holda, ayrim fanlar va ularni o‘rganish darajasini tanlab olish orqali o‘quv jarayonini individuallashtirishni ko‘zda tutadi;

•    asosiy o‘quv dasturi bilan birgalikda Prezident maktablarida o‘quvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda sinfdan tashqari amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish nazarda tutiladi;

•    Prezident maktablari bitiruvchilariga belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma, attestat) bilan bir qatorda, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalariga kirish imkonini taqdim etuvchi xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) beriladi;

•    Prezident maktablari bevosita Xalq ta’limi vazirligiga bo‘ysunadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident maktablari

Baholaganlar

2925

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing