Prezident koronavirus qurbonlari oilasiga ta’ziya bildirdi
Jamiyat
−
31 iyul 2020
10597Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan 23 558 kishidan 137 nafari vafot etgan. Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida koronavirusdan vafot etgan marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirdi.
“Davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ko‘rilayotgan barcha chora-tadbirlarga qaramasdan, ming afsuski, yurtdoshlarimiz orasida ushbu kasallikdan vafot etganlar ham bo‘ldi. Ularning oila a’zolari va yaqinlariga chin qalbimdan hamdardlik bildirib, barchalariga sabr-bardosh tilayman, marhumlarning oxiratlari obod bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolaman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari kecha mamlakatdagi 400 ming oilaning 1,7 milliondan ziyod a’zosiga bir martalik yordam puli berish nazarda tutilgan farmonni imzoladi. Ushbu farmonga asosan belgilangan pullar joriy yilning 15 avgustiga qadar yetkazib beriladi.
Prezident ulug‘ ayyom kunlari yana pandemiya sharoitiga to‘g‘ri kelganini va bu kunlarda mahalladoshi, qavmi-qarindoshi, birodarlari xolidan xabar olib, ularning mushkulini oson qilayotganlarni olqishladi. Jumladan u shunday deydi:
“Muqaddas Qur’oni karimning bir necha o‘rinlarida xayr-ehson, ezgulikning mukofoti faqat yaxshilik ekani alohida ta’kidlangan. Bu kabi purma’no hikmatlar bugungi sinovli kunlarda jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat va muruvvat, o‘zaro totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhitining tobora yuksalib borishida aks etmoqda.
Darhaqiqat, ushbu og‘ir sinov damlarida Alloh taoloning o‘zi ezgu va savob amallar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochib bermoqda. Xususan, pandemiya tufayli ishidan, doimiy daromad manbaidan uzilib qolgan, yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berishni yurtdoshlarimiz o‘zlarining insoniy burchi, deb qabul qilayotgani tahsinga loyiqdir. Zero, muqaddas hadislarda keltirilganidek, haqiqiy musulmon o‘ziga ravo ko‘rganini birodariga ham ravo ko‘radi.
Ayniqsa, halol mehnati orqasidan jamg‘argan mablag‘ini qarindosh-urug‘lari, mahalladoshi yoki yurtdoshining og‘irini yengil qilish uchun xolis niyat bilan hadya etgan, mehr-oqibatli, insof-diyonatli va jonkuyar insonlarga Yaratganning o‘zi ajru mukofotini beradi, albatta”.
LiveBarchasi