Prezident koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha xalqqa murojaat qildi
Jamiyat
−
18 mart 2020
16034Bugun, 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mahalla va oila masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishining boshida koronavirus muammosiga to‘xtalib o‘tdi.
Bugungi kunga kelib ushbu xavfli infeksiya 160 dan ortiq mamlakatda tarqaldi. Dunyo miqyosida kasallanganlar soni 190 ming nafarga yetdi, 7,5 ming o‘lim holati qayd etildi, 81 mingdan ziyod bemor tuzaldi. Epidemiya keng yoyilib ketgani sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uni pandemiya deb e’lon qildi.
Ming afsuski, bu yuqumli xastalik mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. Bugungi kunda yurtimizda unga chalingan bemorlar soni 15 nafarga yetdi.
Bu vaziyat oldindan to‘g‘ri baholanib, Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq Respublika maxsus komissiyasi tuzilgan edi. Shu bois O‘zbekistonga kasallikning ommaviy kirib kelishi va keng tarqalishining oldi olindi.
Hozirda 6 mingga yaqin kishi karantinga olingan. Odamlar gavjum joylarda ommaviy tadbirlar cheklangan. 16 martdan boshlab barcha ta’lim dargohlarida ta’til e’lon qilindi. 80 ming talaba markazlashgan holda uylariga jo‘natildi.
Har bir hududda hokimlar rahbarligida maxsus shtablar tashkil etilgan. Epidemiologik vaziyat bo‘yicha har soatlik va kunlik ma’lumot tahlil qilinib, tezkor choralar ko‘rilmoqda.
Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada ta’minlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablag‘lar ajratildi.
Xorijdagi fuqarolar charter aviareyslari orqali Vatanga qaytarilmoqda. Chegaralarda harakat cheklandi, ammo transportda yuk tashish to‘xtatilgani yo‘q. Mamlakatga ko‘plab xorijiy va mahalliy yuk tashuvchilar kirmoqda hamda chiqib ketmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev vaziyat to‘liq nazorat ostida ekanini alohida ta’kidlab, xalqqa murojaat qildi.
"Bu hayotning ko‘p og‘ir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini to‘g‘ri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda. Millati, tili va dinidan qat’i nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, o‘tib ketadi.
Buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz o‘z oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qat’iy amal qilishimiz zarur. Kasallikni yashirmasdan, o‘z vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali choradir.
Ikkinchidan, oziq-ovqat va boshqa kundalik iste’mol mahsulotlarining narxi oshib ketmasligi uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi departament bu boradagi ishlarni kuchaytirishi kerak.
Mamlakatimizda yetarli darajada zaxira mavjud, xavotir yoki vahimaga tushishga hech qanday asos yo‘q. Ammo ko‘pga kelgan bu baloga qarshi hammamiz birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim.
Barcha davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlar, muhtaram nuroniylarimiz, mahalla va xotin-qizlar, yoshlar birlashmalari faollari ommaviy axborot vositalari orqali xolis va haqqoniy, keng tushuntirish ishlarini kuchaytirishiga ishonaman.
Uchinchidan, majburiy ta’til paytida farzandlarimiz o‘quv mashg‘ulotlarini davom ettirishlari uchun O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda videodarslar turkumi yo‘lga qo‘yildi.
Teleradiokanallarimiz yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun tariximiz, boy madaniyatimizga oid ko‘rsatuv va eshittirishlar, yoshlarimiz uchun foydali va qiziqarli badiiy dasturlar, kinofilmlarni ko‘paytirishi lozim.
Hurmatli ota-onalarimiz o‘z farzandlarini jahon va milliy adabiyotimizning eng yorqin namunalari bilan tanishtirishga harakat qilsalar ayni muddao bo‘lardi.
Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi vaziyatda ayrim mas’uliyatsiz, haqiqiy holatdan bexabar va o‘zini “piar qilish”ni yaxshi ko‘radigan odamlar turli mish-mish va uydirmalarni tarqatishga urinadi.
Shu munosabat bilan jamoatchiligimizdan iltimos qilaman: sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri, asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatishga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Bu masalani huquq-tartibot idoralari ham alohida nazoratga olishi lozim.
Aziz vatandoshlar!
Koronavirus pandemiyasining butun dunyo mamlakatlari qatori bizning ham iqtisodiyotimizga salbiy ta’siri bo‘lishi tabiiy.
So‘nggi ikki haftada jahon bozorida neftning narxi (bir barrel 60 dollardan qariyb 30 dollarga) keskin pasayib ketgani oqibatida gaz eksportimiz tushumlari qisqarishi mumkin.
Xorijdagi asosiy savdo hamkorlarimizning milliy valyutalari qadrsizlanishi respublikamizga ham, albatta, valyuta tushumini kamaytiradi.
Xorijiy turistlar soni va tushum miqdori kamayishi mumkin. Bular, tabiiyki, yalpi ichki mahsulot va eksport hajmiga ta’sir qilmasdan qolmaydi.
Mening topshirig‘imga muvofiq, Maxsus ishchi guruh turizm, transport, farmatsevtika va yengil sanoat kabi sohalarga soliq ta’tillari berish, kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish, kechiktirilgan tashqi qarzdorlik uchun jarima qo‘llamaslik tartibini joriy qilish choralarini ko‘rmoqda.
Hukumat qiyin ahvolga tushishi mumkin bo‘lgan soha va tarmoqlarni, yirik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshirishi zarur.
Bu jarayonda, avvalo, moliya va xomashyo bozorida beqarorlik yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Ikkinchidan, moliyaviy barqarorlikni saqlash hamda bozorlarda narx-navoning o‘sishini oldini olish zarur.
Uchinchidan, iqtisodiyotimizning bazaviy va hal qiluvchi tarmoqlari uzluksiz ishlashini saqlab qolish kerak.
Buning uchun har bir tarmoq, korxona va hudud kesimida manzilli va aniq tadbirlarni amalga oshirish lozim bo‘ladi.
To‘rtinchidan, markazdan hududiy byudjetlarni va aholimizni qo‘llab-quvvatlash asosiy vazifalarimiz bo‘lishi shart.
Butun xalqimiz aniq bilishi kerak: biz koronavirusga qarshi kurash faoliyatini oshkoralik tamoyillari asosida olib boryapmiz.
Jahon jamoatchiligini ham, xalqimizni ham vaqtida xabardor etib boryapmiz. Kerakli choralarni yanada kuchaytiramiz.
Bugun men ikki qo‘shni davlat – Qozog‘iston va Turkmaniston rahbarlari Qasim-Jomart To‘qayev hamda Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qilib, bu boradagi o‘zaro hamkorlik, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash borasidagi barcha masalalarni kelishib oldik.
Ko‘pni ko‘rgan xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat bo‘lib, bu murakkab sinovlarni ham yengib o‘tadi, deb ishonaman.
Yana bir muhim masalaga barcha mutasaddilarning e’tiborini qaratmoqchiman.
So‘nggi yillarda sanitariya-epidemiologiya masalasiga jiddiy ahamiyat bermoqdamiz. Hozirda yurtimizda 2 ta respublika darajasidagi shifoxona, 14 ta viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari, 216 ta hududiy sanitariya-epidemiologiya muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Biroq, keyingi 25 yil davomida umuman e’tibor bermaganimiz uchun aksariyatining moddiy-texnik bazasi, ayniqsa, laboratoriyasi, tibbiy anjom va jihozlari achinarli holatga kelib qolgani ham ayni haqiqatdir.
Shu sababli, bugungi kunda respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatini tubdan isloh qilish va faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan alohida qaror loyihasi tayyorlanmoqda.
Mazkur xizmatning asosiy faoliyati tibbiy va sanitar barqarorlik, jamoat salomatligini ta’minlash, kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzini tashkil etishga qaratiladi.
Buning uchun viloyat hokimlari joylardagi sanitariya-epidemiologiya muassasalarini birma-bir aylanib, laboratoriya-diagnostika, tibbiy vosita va jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi, kadrlar salohiyati, oylik maoshi kabi muammolarni chuqur o‘rganishi zarur.
Ichki moliyaviy imkoniyatlar asosida ularni yil oxiriga qadar bartaraf etish, zaxiralar shakllantirish bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqib, bajarish lozim.
Bosh vazir respublika darajasidagi va Toshkent shahridagi muassasalarni birma-bir joyiga chiqib o‘rganish va zarur chora-tadbirlar qabul qilinishi hamda ijrosi uchun shaxsan mas’ul bo‘ladi.
Asosiy masala – moddiy-texnik bazani mustahkamlash, kadrlarni o‘qitish, ilm-fanni rivojlantirish, aholi salomatligi uchun mablag‘ni ayamasligimiz zarur", dedi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.