Prezident XVJ boshqaruvchi direktorining o‘rinbosarini qabul qildi
Jamiyat
−
29 iyun 487 1 daqiqa
Bugun, 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro valyuta jamg‘armasi “Shveysariya guruhi”ning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan jamg‘arma boshqaruvchi direktorining o‘rinbosari Bo Lini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida Bo Li davlat rahbariga Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevaning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Global moliya bozorlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilingan.

Ushbu nufuzli xalqaro institut bilan amaliy hamkorlikni, eng avvalo, o‘tgan yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar doirasida yanada mustahkamlashning asosiy jihatlari ko‘rib chiqilgan.
Mamlakatda pul-kredit, valyuta va fiskal siyosatni takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda jamg‘arma muhim o‘rin tutishi qayd etilgan.
Makroiqtisodiy siyosat strategiyasi va raqamli to‘lovlar tizimini rivojlantirish, kapital harakatini liberallashtirish, milliy statistika metodologiyasi va davlat daromadlarini boshqarishni takomillashtirish hamda erkin valyuta ayirboshlash kursini qo‘llab-quvvatlash masalalarida ekspertlik va texnik ko‘makni yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlangan.
Mamlakat iqtisodiy idoralari uchun kadrlar tayyorlash dasturlarini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Live
Barchasi