Prezident Xolid al-Falih bilan uchrashdi
Jamiyat
−
24 mart 2022
6772Bugun, 24 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xolid al-Falih O‘zbekiston Respublikasiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ol-Saud va Valiahd shahzodasi Muhammad ol-Saudning salomi hamda eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Suhbat chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Saudiya munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, yirik investitsiya loyihalari, eng avvalo energetika sohasida ilgari surilayotganini yuqori baholagan.
“ACWA Power” korporatsiyasi mamlakatimizning turli hududlarida energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 2,7 milliard dollarlik loyihalarni ilgari surishga hissa qo‘shayotgani alohida qayd etildi. Bundan tashqari, Saudiya taraqqiyot fondi ishtirokida ijtimoiy ahamiyatga ega qator loyihalar amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, “yo‘l xaritasi” asosida neft-gaz, gaz-kimyo va kimyo tarmoqlari, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlarda istiqbolli investitsiya loyihalarini tayyorlash hamda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi O‘zbekistonda 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasini quradi. Mazkur elektr stansiya 2 yil ichida, ya’ni 2024 yilda ishga tushiriladi.
Mazkur kompaniya 20ga yaqin yetakchi kompaniyalar o‘rtasida o‘tgan tanlovda 1 kilovatt soat elektr energiyasi uchun 2,57 AQSH senti tarif taklifi bilan g‘olib deb topilgan.
LiveBarchasi