Prezident Xavfsizlik kengashi bilan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
10 yanvar 2020
10637Qurolli Kuchlar Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining milliy armiyani yanada rivojlantirish va isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xavfsizlik kengashi a’zolari, Qurolli Kuchlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, videokonferensaloqa orqali esa hududlar rahbarlari, harbiy okrug va harbiy qismlar qo‘mondonligi, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.
Yig‘ilishda Qurolli Kuchlarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar sarhisob qilinib, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlarining milliy armiyani rivojlantirish va isloh qilish borasidagi faoliyatiga tanqidiy baho berildi.
Prezident 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida mamlakat hayotining boshqa sohalari bilan bir qatorda harbiy qurilish yo‘nalishida keng miqyosli modernizatsiya ishlari amalga oshirilgani, bu bilan qisqa davrda aniq natijalarga hamda Qurollik Kuchlar qiyofasi bo‘yicha strategik yondashuvni shakllantirishga erishilganini ta’kidladi.
Hozirgi axborot makonidagi qarama-qarshilik, odamlar, ayniqsa yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash kuchaygan sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida qayd etildi.
Aholini, avvalo, yoshlarni shunday ruhda tarbiyalash tizimini takomillashtirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga jalb qilish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
“Armiya moddiy jihatdan eng zamonaviy va zarur vositalar bilan ta’minlangan bo‘lishi mumkin, lekin ahloqiy jihatdan zaifligi, jangovar ruhi, Vatanga sodiqlik va muhabbat, uning taqdiri uchun mas’uliyat hissi yo‘qligi yoki loqaydlik tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deya ta’kidladi davlat rahbari.
Bundan tashqari, Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirishning boshqa muhim yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash sohasida kelgusi ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.