Prezident Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishdi
Jamiyat
−
19:49 454 2 daqiqa
Bugun, 18 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega malakali mutaxassislarga bog‘liq. Shu bois, Qoraqalpog‘istonda shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasini tizimli oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi tashkil etilgan akademiya soha xodimlarini xalqaro standartlar va ilg‘or texnologiyalar asosida qayta tayyorlashning tayanch markaziga aylanadi.

Davlat rahbarining 2024 yil 24 dekabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, hududdagi tibbiyot muassasalarini xususiy sektor ishtirokida ilm-fan, ta’lim va amaliyotni birlashtirgan yagona innovatsion klasterga aylantirish belgilangan.
Ana shu maqsadda 4,6 gektar maydonda umumiy qiymati 154 milliard so‘m bo‘lgan zamonaviy majmua barpo etildi, 80 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Akademiyada yiliga 3 ming nafar shifokor hamda 6 ming 800 nafar o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi malakasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, har yili Orolbo‘yi mintaqasidan 100 nafarga yaqin klinik ordinator tayyorlanadi. Ularning ta’lim olishi va yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Uzoq hududlardan keladigan mutaxassislar uchun 72 o‘rinli zamonaviy mehmonxona faoliyat yuritmoqda.

Amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun 18 ta simulyatsion xona tashkil etilgan. Ularda 50 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha raqamli va simulyatsion ta’lim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mutaxassislarni 100 dan ziyod tibbiy amaliyot bo‘yicha xalqaro standartlar asosida tayyorlashga xizmat qiladi.

Muassasa zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan. Xususan, bu yerda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Edge Medical” jarrohlik roboti o‘rnatilgan. U simulyatsion o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish bilan birga real klinik sharoitda masofaviy operatsiyalarni yuqori aniqlikda bajarish imkonini beradi.

Akademiya nufuzli xorijiy tibbiyot markazlari va yetakchi universitetlar, jumladan, AQSHning Pittsburg hamda Germaniyaning Frayburg universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda. Xalqaro o‘quv kurslari va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar tashkil etilib, telemeditsina va raqamli ta’lim texnologiyalari joriy qilingan.
Davlat rahbari akademiyaning amaliy mashg‘ulot xonalarini ko‘zdan kechirgan, talabalar va soha xodimlari bilan muloqot qilgan.
Live
Barchasi