Prezident qishloq xo‘jaligiga oid yangi qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini sinash va sertifikatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjatning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublikada ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining raqobatbardoshligini oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy, sifatli qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan ayrim qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining respublikaning tuproq-iqlim sharoitlariga mos kelmasligi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda belgilangan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish vaqtida qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashning samarali sinash va o‘lchash usullarini keng joriy etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalarini sinash va sertifikatlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

1. Quyidagilar qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalarini sinash tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

resurs tejaydigan zamonaviy qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalari sinoviga oid texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;

qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlarini respublika hududlarining tuproq-iqlim sharoitlarida samarali qo‘llash va ularning ishonchliligini tekshirish uchun tegishli sinovlarni o‘tkazish;

sohani rivojlantirishga ko‘maklashuvchi innovatsion usullar, dasturlar va istiqbolli g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va qismlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar faoliyatiga samarali ilmiy ishlanmalarni keng joriy etish;

qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari sinovini o‘tkazuvchi laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, sohaga yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarida samarali qo‘llash va ularning ishonchlilik (sifat) ko‘rsatkichlarini tekshirish maqsadida barcha turdagi qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlari majburiy tartibda sinovdan o‘tkaziladi. Bunda, qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlari mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar hamda import qiluvchilar tomonidan taqdim etiladi;

import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari, ularning agregatlari, butlovchi qismlari takomillashtirilganda hamda ularga qo‘shimcha funksiyalarni bajarish yuklatilganda takroriy sinovlarga taqdim etiladi;

O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining yagona davlat reyestriga (keyingi o‘rinlarda – yagona davlat reyestri) kiritilgan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalaridan respublikada ekinlarni yetishtirishda foydalanishga ruxsat etiladi;

import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining agregatlari va butlovchi qismlari uchun muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, laboratoriya asbob-uskunalari va o‘lchov vositalariga ega bo‘lmagan tashkilotlar tomonidan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalariga sertifikat berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

3.O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, “O‘zstandart” agentligining 2023 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan sinov uskunalari va o‘lchash vositalarini bojxona bojidan ozod qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Bunda, sinov uskunalari va o‘lchash vositalari sinov laboratoriyalarini akkreditatsiya, shu jumladan, xalqaro akkreditatsiya talablari asosida jihozlash uchun ishlatiladi.

4. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalarini sinash va sertifikatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda:

qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalariga nisbatan talablarni belgilaydigan standartlashtirish bo‘yicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazsin;

2020-2021 yillarda qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalari va ularni sinash usullariga nisbatan talablarni belgilaydigan zarur standartlarni xalqaro talablar asosida qabul qilish bo‘yicha tarmoq jadvalini tasdiqlasin.

6. “O‘zstandart” agentligi ikki oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishgan holda qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari bo‘yicha tarmoq standartlarining ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin;

qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan birgalikda uch oy muddatda amaldagi standart hamda me’yorlarga muvofiq qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining turi bo‘yicha sinov dasturlarini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;

laboratoriya asbob-uskunalari va o‘lchov vositalariga ega bo‘lgan xususiy tashkilotlarni qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalariga sertifikat berish uchun akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibini ishlab chiqsin;

xorijiy davlatlarning sinov markazlari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, ularning ilg‘or tajribalarini respublikada bosqichma-bosqich joriy etib borsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qishloq xo‘jaligi texnikalarini xalqaro talablar asosida sinash uchun zamonaviy sinash uskunalari va o‘lchash vositalari ro‘yxatini shakllantirsin va joriy yilning yakuniga qadar ularni xarid qilish choralarini ko‘rsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

“O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda 2020 yil 15 dekabrga qadar qishloq xo‘jaligi texnikalarini sinash va sertifikatlash bo‘yicha xalqaro tajribadan kelib chiqib, Markazning sinov laboratoriyalari xalqaro akkreditatsiyadan bosqichma-bosqich o‘tkazilishini ta’minlasin;

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xarid qilingan sinash vositalarining qurilish-montaj ishlari hamda o‘qitishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarni kirish hujjatlarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatsin;

Toshkent viloyati hokimligi va qurilish-loyiha tashkilotlari bilan birgalikda ikki oy muddatda Markazning moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Markazni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit hamda grant mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘rsin;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda yagona davlat reyestriga kiritilmagan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari, ularning agregatlari va butlovchi qismlarini yetkazib berganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun, 2021 yilning 1 yanvariga qadar ishlab chiqarilgan va import qilingan texnikalar bundan mustasno, javobgarlikni belgilash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zstandart” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlarining grantlari va kreditlari hisobidan 2020 yil 1 dekabrga qadar muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan va davlat sinovlaridan o‘tgan import qilingan va respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi hamda melioratsiya texnikalarining yagona davlat reyestri integratsiyalashgan axborot tizimini yaratsin.

Belgilansinki, ushbu axborot tizimida qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining sertifikatga ega ekanligi, sinovdan o‘tganligi, balansda saqlovchi korxona haqida to‘liq ma’lumotlar aks ettiriladi.

10. “O‘zstandart” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari sinovi sinov shartlariga qat’iy rioya qilingan holda o‘tkazilishi hamda yagona davlat reyestriga kiritilgan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalaridan ekinlarni yetishtirishda foydalanilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi sohaga tegishli oliy ta’lim muassasalari bitiruvchi talabalarining amaliyoti qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini sinash hamda sertifikatlash ishlariga integratsiya qilishni ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi faoliyatini tashkil etishga oid Hukumat qarori loyihasini kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O‘.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Toshkent shahri, 2020 yil 27 iyun


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

28

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing