Prezident Qatar amiri bilan uchrashib, unga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
14 iyul 938 2 daqiqa
Bugun, 14 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarning sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirish uchun tashrif bilan ushbu mamlakatga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Lusail saroyida O‘zbekiston rahbari Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashgan.

Muloqot avvalida Prezident Qatar amiriga otasi – sobiq amir Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafot etgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirgan.
Bildirilishicha, Shayx Hamad Ol Soniy Qatar Davlati erishgan ko‘plab tarixiy yutuqlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi jadal islohotlar, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi ortishiga ulkan hissa qo‘shgan siyosat arbobi bo‘lgani ta’kidlangan.

Shu bilan birga, uning mamlakatlar o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlashdagi samarali mehnatlari alohida qayd etilgan.
Shuningdek, Prezident Qatar bugungi kunda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi muhim o‘rin egallayotgani, xalqaro maydonda katta ta’sirga ega “Doha ovozi” paydo bo‘lganini e’tirof etgan.

Ikki davlat yetakchilari O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilgan.
O‘z navbatida, Qatar amiri O‘zbekiston Prezidentiga ushbu sinovli damlarda shaxsan tashrif buyurib, bildirgan samimiy hamdardligi hamda do‘stona qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etgan.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyni o‘ziga qulay bo‘lgan fursatlarda O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etgan.
Live
BarchasiToshkentdagi uyga o‘t ketdi
14 iyul