Uzoq yillik monopoliyaning nihoyasi yaqinmi? “O‘zpaxtasanoat” AJ tugatiladi
Jamiyat
−
06 mart 2020
12877Bugun, 6 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan "Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qaror qabul qilindi.
Unga ko‘ra, birinchidan, 2020 yil hosilidan boshlab, davlat tomonidan paxta xom ashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Shuningdek, paxta xom ashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi va paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarga rayonlashtirilgan navlarni erkin tanlash huquqi beriladi. Shu bilan birga sertifikatlangan urug‘lik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi hamda bosqichma-bosqich Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urug‘chilik klasterlari va elita urug‘chilik xo‘jaliklari, paxta to‘qimachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi.
Ikkinchidan, Paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari ishtirokida fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyasi tashkil etiladi.
Uchinchidan, paxta xom ashyosi yetishtirish va qayta ishlashni kreditlashning yangi mexanizmi joriy etiladi. 2020 yil 15 martdan boshlab, paxta xom ashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 12 oy muddatgacha yetishtiriladigan paxta umumiy qiymatining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 8 foiz, 60 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10 foiz stavkadan (shundan bank marjasi 2 foiz) oshmagan mikdorda kreditlar ajratiladi.
To‘rtinchidan, “O‘zpaxtasanoat” AJni tugatish choralari ko‘riladi. Bunda kooperatsiya tashkil etiladigan hududlarda paxta tozalash zavodlaridagi “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari aksiya (ulush) paketlarini belgilangan tartibda kooperatsiyalarga yoki tadbirkorlik sub’ektlariga sotish nazarda tutilgan
Shuningdek, “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik” birlashmalarining paxta tozalash zavodlaridagi aksiya (ulush) paketlari sotilishiga qadar, ushbu zavodlar tomonidan paxta xom ashyosini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash xizmati (tegirmon usulida) ko‘rsatish nazarda tutiladi.
Beshinchidan, jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan (indikativ) narxlar e’lon qilinishini hamda bozorlardagi narxlar o‘zgarishidan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritish amaliyoti joriy etiladi.
Oltinchidan, paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlang‘ich birja narxida yerkin sotiladi, bunda birjada boshlang‘ich narx shakllanishida 10 foiz chegirma qo‘yish bekor qilinadi.
LiveBarchasi