Prezident granti uchun da’vogarlar soni belgilangan miqdordan oshib ketdi
Jamiyat
−
22 avgust 2022
6784Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori natijaga erishib, 2022-2023 o‘quv yilida Prezident granti uchun nomzod bo‘lgan TOP-250 abituriyent nomi e’lon qilindi. Nomzodlar ro‘yxati Davlat test markazi saytida chop etilgan.
Joriy yilda yuqori ball to‘plab davlat granti uchun tavsiya etilganlar soni 264 nafarga yetdi. Unga ko‘ra, 39 nafar abituriyent bir xil 185,8 ball to‘plagan va shuning hisobiga talabgorlar soni ortgan. Eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlar hududlar kesimida saralanganda Navoiy, Buxoro, Farg‘ona viloyatidan bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Qayd etish kerakki, 2021 yilda Prezident granti olganlar soni 257 tani tashkil qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning 2021 yilda qabul qilgan “Respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy qilingan edi.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi