Prezident eski usulda ishlayotgan korxonalarni jiddiy tanqid qildi
Jamiyat
−
11 dekabr 2019
5267O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 dekabr kuni davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda aksariyat samarasiz ishlayotgan korxonalarni jiddiy tanqid qildi.
Qayd etilishicha, Prezident farmoni bilan o‘tgan qariyb bir yil mobaynida korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini samarali boshqarish, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 2819 ta davlat ishtirokidagi korxonalar mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, samarasiz ishlagani sababli hatto dividend to‘lay olmaydi. Prezident bu holatni jiddiy tanqid qildi.
“Davlat ishtirokini hech zarurat bo‘lmagan sohalarda ham saqlab turibmiz. Davlat korxonalarini boshqarish, faoliyati samarasini oshirish, ularning funksiyalarini xususiy sektorga berish bo‘yicha hali sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmadi”, deydi davlat rahbari.
Yig‘ilishda 2020 yilda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. Avvalo, bunday korxonalarni isloh qilish yoki tugatish, saqlash yoki xususiy sektorga berish masalasini o‘rganish bo‘yicha bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va maslahatchilari boshchiligida ishchi guruhlar tashkil etildi.
Ishchi guruhlarga bir oy muddatda har bir korxonani to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularning rentabelligi, hozirgi quvvati va istiqbolini tahlil qilgan holda, 2020 yilga mo‘ljallangan aniq reja va takliflar ishlab chiqish topshirildi.
LiveBarchasi