Prezident byudjet taqchilligini kamaytirish bo‘yicha qaror imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Koronavirus infeksiyasining qisqa muddat ichida global miqyosda tarqalishi deyarli barcha mamlakatlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holatning yomonlashuviga olib kelmoqda.

Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi va boshqa xalqaro institutlar 2020 yilda jahon iqtisodiyotining pasayishini prognoz qilmoqda, karantin muddatlarining cho‘zilishi tufayli ushbu prognozlar global ishlab chiqarish hajmlarining yanada pasayishi tarafiga o‘zgarmoqda.

Karantin davri O‘zbekistonda asosan joriy yilning II choragiga to‘g‘ri kelishi va shu davrda iqtisodiy faollikning sezilarli pasayishi Davlat byudjeti barqarorligiga xavf tug‘dirmoqda. Shuning uchun kasallik tarqalishini maksimal darajada lokalizatsiya qilish va karantin muddatlari cho‘zilib ketishining imkon qadar oldini olish muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga egadir.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha muhim tadbirlarni, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiya va nafaqalar hamda ustuvor davlat dasturlarini o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirish maqsadida:

1. 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining tasdiqlangan taqchilligi mavsumiy omillarni inobatga olgan holda asosan joriy yilning II choragiga to‘g‘ri kelishi va koronavirus pandemiyasi oqibatida qo‘shimcha byudjet xarajatlarining yuzaga kelishi tufayli taqchillikning ushbu chorakda yanada oshishi kutilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash va byudjet xarajatlarini maqbullashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish;

muhim ijtimoiy xarajatlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash;

jahondagi va respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy faollik ahvoli tahlili va muhimlik darajasidan kelib chiqqan holda dolzarb hisoblanmagan loyiha va xarajatlarni keyingi davrlarga ko‘chirish;

davlat dasturlarini bajarishga yo‘naltiriladigan byudjet mablag‘larini qisqartirishda loyihalarning ustuvorligi va ijtimoiy yo‘naltirilganligini inobatga olish;

davlat ichki va tashqi majburiyatlarining, shu jumladan, fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha majburiyatlarning to‘liq bajarilishini ta’minlash;

byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning xarajatlarni mustaqil kamaytirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli darajadagi byudjet tushumlarini, shuningdek, respublika byudjetidan ajratilayotgan transfertlarni, aksiz solig‘i bo‘yicha o‘tkazmalarni, byudjet ssudalarini hamda boshqa mablag‘larni birinchi navbatda quyidagilarni moliyalashtirishga yo‘naltirsin:

koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarga, jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlari sotib olish, tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va ularni jihozlashga;

ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lashga;

oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish, kommunal to‘lovlar va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan xarajatlarni qoplashga;

Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining qaroriga asosan boshqa tadbirlar va xarajatlarga.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi kechiktirib bo‘lmaydigan xarajatlarni o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga byudjet ssudalarini muntazam ravishda ajratib borsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

uch kun muddatda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlarida ishtirok etayotgan tibbiyot, sanitariya va epidemiologiya xizmati muassasalari xodimlari, shu jumladan, yordamchi xodimlar hamda mazkur tadbirlarga jalb qilinayotgan boshqa tashkilot xodimlariga 2020 yilning 16 martidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qo‘shimcha ustamalar to‘lash bo‘yicha taklif kiritsin;

besh kun muddatda tibbiyot, sanitariya va epidemiologiya xizmati muassasalari uchun qo‘shimcha ravishda binolar qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash hamda jihozlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch kun muddatda barcha darajadagi byudjetlarning barqarorligini ta’minlash maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari xarajatlarini maqbullashtirish;

2020 yil II choragi uchun rejalashtirilgan ayrim xarajatlarni 2020 yilning ikkinchi yarim yilligiga o‘tkazish orqali karantin davrida barcha darajadagi byudjetlarning barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qaror qabul qilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga davlat hokimiyati organlari, sud va prokuratura organlari, vazirliklar va idoralarning soliqlar, majburiy yig‘imlar, bojlar, jarimalar hisobidan jamlanadigan byudjetdan tashqari jamg‘armalari xarajatlarini (xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va qonunchilikda belgilangan moddiy rag‘batlantirish xarajatlari bundan mustasno) qisqartirish va iqtisod qilingan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetiga yo‘naltirish vakolati berilsin.

Vazirlik, idoralar va ularning hududiy bo‘linmalari joriy yil 1 avgustiga qadar byudjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish, qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlarni to‘xtatsin, moliyalashtirish boshlangan chora-tadbirlar bundan mustasno.

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:

davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar xarajatlarini maqbullashtirish yuzasidan ularning biznes-rejalarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin;

tasdiqlangan investitsiya dasturlari parametrlarining kuzatuv kengashlari tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi va o‘zgartirilishini ta’minlasin hamda ularning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni har chorakda ko‘rib borsin;

ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalar va tashkilotlarda 2019 yil uchun olingan va 2020 yilda olinadigan sof foyda bo‘yicha davlat ulushiga hisoblangan dividendlarni to‘lig‘icha Davlat byudjetiga o‘tkazish yuzasidan tegishli choralarni ko‘rsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish davrida foydali qazilmalarni qazib olish sohasida faoliyat yurituvchi ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan tushgan tushum yoki foydani taqsimlashning alohida rejimini belgilash huquqi berilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Vazirlar Mahkamasi joriy yil 1 iyuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, sud va prokuratura organlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, barcha vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy organlari, ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va jamg‘armalar uchun yagona mehnatga haq to‘lash tizimini tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n besh kun muddatda:

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladigan va qurilish-montaj ishlari boshlanmagan investitsiya loyihalarini tanqidiy ko‘rib chiqib, ayrim loyihalarni kechiktirish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilsin;

koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash va xarajatlarni optimallashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi mazkur qarorda ko‘zda tutilgan tadbirlarning bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.

11. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 15 aprel


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev byudjet

Baholaganlar

122

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing