Prezident “Burhoniddin Marg‘inoniy” majmuasini ochib berdi

Jamiyat

image

Bugun, 27 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida barpo etilgan madaniyat hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari bilan tanishib, uning ochlishi marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Xalqimizda “To‘yga to‘yona bilan” degan yaxshi gap bor. Farg‘onaga bu safar ham yangi-yangi tashabbuslar, katta-katta loyihalar bilan keldim. Maqsad – viloyat rivojini yangi bosqichga olib chiqish, uni barcha sohalarda namunali hududga aylantirishdan iborat. Bugun ochilayotgan “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi shu yo‘lda, hech shubhasiz, yangi davrni boshlab beradi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning aytishicha, Milliy me’morchilik an’analari asosida bunyod etilgan, 35 gektar maydonni egallagan betakror majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, o‘lkashunoslik muzeyi, adib va san’atkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis shoxobchalari singari ko‘plab bino va inshootlarni o‘z ichiga oladi. 

“Bularning barchasi, avvalo, Marg‘inoniy bobomizning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, hududning qadimiy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash, ziyorat turizmini rivojlantirishga xizmat qiladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish majmuaning asosiy yo‘nalishlaridan biri. Shu bilan birga, hududda qadimiy hunarmandchilik an’analarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Majmuada “Otabek va Kumush uyi” muzeyi ham tashkil etilgan. Uning devorlarida “O‘tkan kunlar” romani sahnalari jonlantirilib, adabiyot va tarixni uyg‘unlashtirgan noyob muhit yaratilgan. Shuningdek, maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni hamda kutubxona ham joy olgan.

Qiymati 1,7 trillion so‘m bo‘lgan loyihaning bosh rejasi Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Majmua ikki bosqichda barpo etiladi. Kelgusida bu yerda biznes markaz, 1500 o‘rinli masjid, mehmonxonalar, 400 ta savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasi hamda 300 o‘rinli bozor tashkil etiladi.

Davlat rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirgan. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari, bozor rastalari bilan tanishgan. Jamoatchilik vakillari bilan samimiy suhbat qurgan.

Majmua to‘liq ishga tushgach, viloyatga yiliga o‘rtacha 200-250 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Buning natijasida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi, byudjetga 52 milliard so‘m tushum va 30 million dollarlik xizmatlar eksporti ta’minlanadi.

Shuningdek, “Burhoniddin Marg‘inoniy” majmuasi tajribasini Buxorodagi “Boqiy Buxoro”, Samarqanddagi Imom Moturidiy maqbarasi atrofi, Qo‘qondagi O‘rda, Namangandagi “Axsikent” yodgorligi hamda Toshkentning Eski shahar hududlarida ham keng joriy etish rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Marg'ilon Burhoniddin Marg'inoniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing