Prezident Baliqchida yosh startapchilar bilan uchrashdi
Jamiyat
−
19:46 325 2 daqiqa
Bugun, 23 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Baliqchi tumanidagi Sun’iy intellekt markaziga tashrif buyurib, yoshlarning startap loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Akademiya IT Star” korxonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu markaz davlat rahbarining 2024 yil 26 fevraldagi raqamlashtirish sohasida xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qarori asosida barpo etilgan.

Axborot texnologiyalari yoshlar uchun eng talab yuqori bo‘lgan sohalardan biriga aylanmoqda. Shu bois, hududlarda zamonaviy AT kasblarni egallash, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar yaratish uchun sharoitlarni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.
Loyihaning umumiy qiymati 15 milliard so‘mni tashkil etib, 100 ta ish o‘rni yaratilgan.

Markaz qishloq va tuman yoshlariga boshqa hududlarga bormasdan, o‘z yashash joyida zamonaviy bilim va kasblarni egallash imkonini bermoqda. Bu yerda marketing, dasturlash va robototexnika yo‘nalishlarida ta’lim berilib, yoshlar olgan bilimlarini amaliy loyihalarda qo‘llamoqda.

Muassasa imkoniyatlaridan mahalliy tadbirkorlar ham samarali foydalanmoqda. Ularga sun’iy intellekt asosida biznesni rivojlantirish bo‘yicha maslahat va AT xizmatlari ko‘rsatiladi. Shu kunga qadar 500 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektiga jami 8,5 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan.

Bugungi kunda viloyatdagi 65 mingta tadbirkorlik sub’ekti uchun SMM-menejer, mobilograf, grafik dizayner, marketolog, ma’lumotlar tahlilchisi va sun’iy intellekt mutaxassislariga ehtiyoj 129 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Markazdagi ta’lim dasturlari ana shu talabdan kelib chiqib shakllantirilgan.


Davlat rahbari yoshlar yaratgan startaplar bilan yaqindan tanishib, ularning bilim va intellektual salohiyatiga yuqori baho bergan. Samimiy muloqot davomida yigit-qizlar mamlakatda startap ekotizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbus va takliflarini bildirgan.
Live
Barchasi