Prezident Bahodir Yo‘ldoshev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Madaniyat-san’at

image

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, O‘zbekiston xalq artisti , mohir rejissyor va aktyor Bahodir Yo‘ldoshev 76 yoshida vafot etgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bahodir Yo‘ldoshev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

“​Milliy teatr san’atimizni yangi g‘oya va talqinlar, betakror asarlar bilan boyitish haqida tinimsiz izlanib yashagan B.Yo‘ldoshev maydon tomoshalari, ommaviy madaniy tadbirlarni sahnalashtirish bo‘yicha nafaqat respublikamiz, balki xorijiymamlakatlarda ham e’tirof etilgan, badiiy tafakkuri nihoyatda keng, o‘z kasbining chinakam ustasi va fidoyisi bo‘lgan atoqli ijodkor edi.  

Ulkan iste’dod sohibi B.Yo‘ldoshevning ijodiy faoliyati, tashkilotchilik salohiyati ayniqsa mustaqillik yillarida yorqin namoyon bo‘ldi. Mustaqillik va Navro‘z umumxalq bayramlari hamda yurtimiz va chet ellarda katta shuhrat qozongan “Sharq taronalari” musiqa festivalini, maqom va baxshichilik, milliy hunarmandchilik san’atlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarning badiiy dasturlarini yaratish borasida o‘zini ayamasdan, fidokorona xizmat qilganini xalqimiz, madaniy jamoatchiligimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Butun ongli hayotini milliy san’atimizni ravnaq toptirishga bag‘ishlagan ulug‘ san’atkor 2009 yilda “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasini tashkil etib, umrining oxiriga qadar unga rahbarlik qilib keldi. Ushbu studiya faoliyati orqali o‘nlab iqtidorli yoshlarni kashf etish, ularning iste’dodini ro‘yobga chiqarish, mumtoz milliy adabiyotimiz namunalarini sahnalashtirish va targ‘ib etish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi.

B.Yo‘ldoshev o‘zining boy bilim va tajribasi asosida yoshlarga sahna ilmi, rejissyorlik san’atining nazariy va amaliy masalalaridan saboq berish maqsadida markaziy telekanallarimiz orqali g‘oyat ibratli “Mahorat darslari”ni o‘tkazib keldi. ​Xalqimizning buyuk san’atkor farzandi, betakror shaxs, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi Bahodir Tursunovich Yo‘ldoshevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi hamdardlik matnida.

​Ma’lumot uchun, Yo‘ldoshev 1945 yil 7 sentyabrda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida san’atkorlar oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent teatr va rassomchilik institutida rejissyorlik mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi.

​Mehnat faoliyatini O‘zbek davlat akademik drama teatri (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri) artisti lavozimida boshladi. O‘zining shonli an’analariga ega bo‘lgan mazkur ijodiy dargohda tez orada o‘ziga xos yorqin uslubi va ijodiy prinsiplariga ega bo‘lgan mohir rejissyor sifatida shakllandi. Yigirma yetti yoshida ushbu nufuzli teatrga bosh rejissyor va badiiy rahbar etib tayinlandi. O‘n uch yil davomida jamoada ishchan ijodiy muhit yaratish, teatr repertuarini zamonaviy hamda mumtoz milliy va xorijiy asarlar bilan boyitish, iqtidorli iste’dod egalarini tarbiyalashga ulkan hissa qo‘shdi.

1984-2004 yillarda Abror Hidoyatov nomidagi O‘zbek davlat drama teatrida badiiy rahbar sifatida samarali faoliyat ko‘rsatdi.  

​San’atni chin dildan sevgan, unga sadoqat bilan  xizmat qilishni o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb bilgan yorqin iste’dod sohibi o‘zbek rejissyorlik san’atida o‘z ijodiy maktabini yaratdi. 

B.Yo‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan “Abu Rayhon Beruniy”, “Ibn Sino”, “Iskandar”, “Nodirabegim”, “Yulduzli tunlar”, “Qora kamar”, “Farmonbibi arazladi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Maysaraning ishi”, “Checha”, “Arshin mololon” kabi o‘nlab dramatik asarlar millionlab san’at muxlislarining qalbidan chuqur joy olib, teatr san’atimizning “oltin fondi”dan o‘rin egalladi. 

B.Yo‘ldoshevning milliy san’atimiz va madaniyatimizni rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U "O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi"  hamda  "O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti" faxriy unvonlari,  “Mehnat shuhrati”, "Fidokorona xizmatlari uchun",  "El-yurt hurmati", “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari  bilan mukofotlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

123

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing