Prezident ayrim mas’ullar odamlarning davlatga ishonchiga putur yetkazayotganini aytdi
Jamiyat
−
14:34 2404 2 daqiqa
Aholi murojaatlariga yuzaki javob berilayotgani odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda. Bu haqda bugun, 13 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
O‘tgan yili Xalq qabulxonalariga hokimlarning o‘zi rahbar qilib tayinlangan. Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm, Sirdaryoda rahbarlarning o‘zi shug‘ullangani uchun hududidagi murojaatlar 25-30 foizga kamaygani, aholi ko‘targan masalalarning 60-70 foizi ijobiy hal bo‘layotgani ta’kidlangan. Lekin qolgan hokimlar va ayrim vazirlar hali bu borada keskin o‘zgarish qilmagani ko‘rsatib o‘tilgan.
Masalan, Toshkent shahrida 170 ming va Toshkent viloyatida 110 ming murojaatning yarmidan ko‘pi yechimini topmagan. Surxondaryo, Samarqand, Toshkent shahrida takroriy murojaatlar ko‘paygan.
Misol uchun, fuqaro yanvar oyida maktab o‘quvchisi Sergelidan oqib o‘tadigan “Junariq” kanaliga tushib ketganini aytib, buzilgan ko‘prikni qayta tiklashni so‘ragan. Bu masalaga ikki oy davomida birorta mas’ul e’tibor qaratmagan, murojaatga yuzaki javob berilgan.
Holat ijtimoiy tarmoqda tarqalganidan keyingina mablag‘ ham topilgan, ko‘prik ham qurilgan. Murojaatlar bilan ishlashdagi bunday kamchiliklar odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Xalq qabulxonalariga kelayotgan murojaatlarning katta qismi Ichki ishlar (148 ming), Majburiy ijro byurosi (134 ming), Energetika (88 ming), Bandlik (60 ming) va Sog‘liqni saqlash vazirligiga (56 ming) tegishli ekani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ushbu yig‘ilishda Buxoro, Karmana, Uchquduq, Sardoba, Xovos, Bo‘stonliq tumanlari, Angren, G‘ozg‘on shahar hokimlari mahalladagi 4-5 nafar odam bilan “nomiga” gaplashib, sayyor qabul o‘tkazib yurganini tanqid qilgan edi.
Live
Barchasi