Prezident ayrim davlatlarning agressiv savdo siyosatidan ogohlantirdi

Jamiyat

image

Ba’zi davlatlar O‘zbekiston bilan agressiv savdo siyosati – raqobatga kirishishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 aprel kuni o‘tayotgan dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida gapirdi.

Davlat rahbariga ko‘ra, o‘ziga nisbatan eng katta import bojlari qo‘yilgan davlatlar endilikda O‘zbekiston eksport qilayotgan yo‘nalishlarga o‘zining mahsuloti bilan kirish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi mumkin. Gap O‘zbekiston kirib borgan ip-kalava, mato, gazlama, tayyor tekstil va maishiy texnika bozorlarida ham ayovsiz raqobat bo‘lishi haqida ketmoqda. 

Yig‘ilishda qayd etilishicha, birgina yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5-8 foizga ko‘tarilishi haqida prognozlar berilmoqda. 

“Uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlari 10 trillion dollar yo‘qotgani biz uchun qattiq “signal” bo‘lishi kerak. 

Eng katta xavf – pandemiya davrida bo‘lgani kabi dunyo bo‘ylab ta’minot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo bo‘lishidadir”, deydi Prezident Mirziyoyev. 

O‘zbekiston rahbariga ko‘ra, ayniqsa, bunday holat jahon eksportida yuqori ulushga ega to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi “drayver” tarmoqlarga katta zarba berishi mumkin.

Trampning boj siyosati

Ma’lumot uchun, mart oyi boshida Donald Tramp Xitoy importiga boj to‘lovlarini 10 foizdan 20 foizga oshirdi, chunki “Xitoy noqonuniy narkotik inqirozini yumshatish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘ra olmadi”. O‘tgan hafta oxirida Tramp 180 dan ortiq mamlakat va hududlarga, jumladan, Xitoyga yangi import tariflarini e’lon qildi. 

Pekin Amerika tovarlariga ham xuddi shunday bojlar joriy etishi haqida ogohlantirgan. Bunga javoban Tramp 7 aprel kuni, agar Pekin javob choralarini bekor qilmasa, Xitoyga 9 apreldan boshlab qo‘shimcha 50% import bojlari joriy etilishini aytdi. Ammo shundan so‘ng, AQSH Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga 104 foizlik import boji joriy etishga qaror qildi. Xitoy ham jim turgani yo‘q. Qo‘shma Shtatlar bilan savdo mojarosida Xitoy hukumati Amerika importiga ilgari kiritilgan 34 foizlik bojlardan tashqari, 50 foizlik yangi javob tariflarini e’lon qildi va umumiy miqdorni 84 foizga yetkazdi. Qasdma-qasdiga qilgani kabi AQSH ham Xitoyga nisbatan boj stavkasini 125 foizgacha ko‘tardi. AQSH ham bojlarni oshirib, 145 foizga yetkazdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev xalqaro bozordagi vaziyat o‘zgarishi munosabati bilan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgandi. U 14 aprel kuni Chimkent shahri jamoatchiligi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda global savdo urushini boshlash rejalari tufayli dunyoda murakkab vaziyat yuzaga kelayotgani, savdo urushi qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lishi mumkinligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev boj

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing