Prezident Andijondagi texnikumni borib ko‘rdi
Jamiyat
−
15:37 646 2 daqiqa
Bugun, 23 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” sanoat zonasi hududida joylashgan texnikum faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda yangi sanoat korxonalarini ishga tushirish bilan bir qatorda ular uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bunda ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash muhim o‘rin tutadi.

“Andijon-Huanya” xalqaro texnikumi ana shu maqsadda tashkil etilgan. Texnikum “Ipak yo‘li” hududidagi to‘qimachilik, mashinasozlik, elektrotexnika va boshqa yuqori texnologiyali korxonalar uchun talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlaydi.
Loyihaning umumiy qiymati 15 million dollarni tashkil etib, to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilgan. Natijada 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

To‘rt gektar maydonda 5 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv binosi qurib bitkazilgan. Keyingi bosqichda yotoqxona, laboratoriya binosi, sport maydonchasi, oshxona va yashil hudud barpo qilinadi.

Muassasada dual ta’lim tizimi joriy etilgan. O‘quvchilar nazariy bilimlarni texnikumda egallab, amaliyotni sanoat zonasidagi yirik korxonalarda o‘taydi. Shu tariqa ular o‘qish davridayoq ishlab chiqarish jarayoni, zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan yaqindan tanishadi.

Texnikum joriy yil iyun oyida ishga tushirilgan. Hozirda bu yerda 210 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. 2030 yilga qadar yillik qabulni 1 ming 800 nafarga, o‘quvchilarning umumiy sonini esa 4 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, ta’lim yo‘nalishlarining soni 20 tagacha ko‘paytiriladi.
Prezident texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, yoshlar va investor bilan suhbatlashgan.
Live
Barchasi