“Sizlarni Vatanda kutib qolamiz”. Prezident AQSHdagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi (fotoreportaj)

Jamiyat

image

Kecha, 18 sentyabr kuni AQSHga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar hamda ushbu mamlakatning yetakchi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Ochiq va jonli muloqot shaklida o‘tgan tadbirda Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida so‘zlab berib, respublika modernizatsiyasiga ko‘maklashishda o‘zbekistonliklarning ulkan salohiyati borligiga e’tibor qaratgan.

AQSHdagi o‘zbekistonliklar va ularni birlashtiruvchi tashkilotlar misli ko‘rilmagan yuqori darajaga chiqqan O‘zbekiston-AQSH hamkorligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotgani alohida ta’kidlangan.

Shuningdek, uchrashuvda davlat rahbari Qo‘shma Shtatlardagi o‘zbekistonliklar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning jamoat birlashmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surgan. Xususan, xorijda o‘zbek tili kurslarini tashkil etishga keng ko‘maklashish, o‘zbekistonliklar respublikaning tarixiy shaharlarini ziyorat qilishi uchun maxsus turizm xizmatlari to‘plamlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

“Biz ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyotda olib borayotgan yangilanishlar natijasini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida his qilishi kerak. Sizlardek xorijda o‘qigan, yirik kompaniyalarda ishlab, tajriba orttirgan yuqori malakali mutaxassislar ham yurtimizga qaytib kelishi va butun salohiyati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ishtirok eta olishlari uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak. Bugun shu yerdagi har bir o‘zbekistonlikda kuchli Vatan hissi va uning rivojiga hissa qo‘shish ishtiyoqini ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Sizlarni O‘zbekistonda kutib qolamiz”, deydi Prezident.

Uchrashuv ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan tub va keng ko‘lamli islohotlar O‘zbekiston farovonligini yanada oshirish, uning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidlagan.

“Katta kompaniyalarda ishlayotgan va nufuzli oliy ta’lim dargohlarida o‘qiyotgan vatandoshlar o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Jamiyat hayoti va iqtisodiyotning turli masalalari yuzasidan fikr almashildi. Qaratilayotgan katta e’tibor uchun samimiy minnatdorlik bildirib, vatandoshlar O‘zbekiston rivojiga munosib hissa qo‘shishga tayyorligini aytib o‘tdi”, deyiladi xabarda.

 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev o'zbekistonliklar El-yurt umidi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing