Prezident Administratsiyasida katta rokirovka

Tahlil

Shaxmatda har bir donaning o‘z vazifasi bo‘lgani kabi davlat boshqaruvida ham kadrlarning mas’uliyatli ishi mavjud. Har bir rahbar xodim o‘z vazifasini sidqidildan, mas’uliyat bilan bajarsa, boshqaruv tizimi izchil va samarali ishlaydi. Tizimdagi har bir bo‘g‘in o‘z funksiyalarini to‘g‘ri bajarsa, natijada jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligi va davlat mustahkamligi ta’minlanadi.

14 iyul kuni O‘zbekistonda, Prezident Administratsiyasida katta tayinlovlar amalga oshirildi. Kimlardir lavozimdan olinib, yana lavozimga qo‘yilgan bo‘lsa, yana kimlardir avvalgi ishida qoldi. Mamlakatda “rokirovka” amalga oshirildi. Hozir ana shu tayinlovlar haqida so‘z yuritamiz.

O‘tgan oyda Prezident farmoni bilan Prezident Administratsiyasi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritilib, 2023 yilning avgust oyida tugatilgan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi qayta tashkil qilingandi va unga davlat rahbarining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva tayinlangandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, endilikda Prezident Administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Bular – ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalaridir. Ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi. Bundan tashqari, Prezidentning strategik rivojlanish, tashqi siyosat bo‘yicha yangi maslahatchi lavozimlari kiritilib, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, tadbirlarni tashkillashtirish, yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash bo‘yicha, shuningdek, kommunikatsiya departamentlari tashkil etildi.

2019 yil 2 fevralda tashkil qilingan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) faoliyati tugatilib, uning asosida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etilishi ma’lum qilindi.  2019 yil 4 fevraldan 2020 yil 29 yanvarga qadar AOKA direktori vazifasini Komil Allamjonov bajargan. 2020 yilning iyulidan beri agentlikka Asadjon Xo‘jayev rahbarlik qilib keladi. 

Shuningdek, davlat idoralarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshirilmoqda. Farmonga ko‘ra, matbuot kotiblari instituti yanada mustahkamlanadi, aholi bilan kommunikatsiya qilish va ommaviy axborot vositalari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilmoqda. Ayrim yo‘nalishlarda Prezident vakillari lavozimlari joriy etildi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, endilikda har qanday normativ-huquqiy hujjat va loyiha Prezident Administratsiyasi huzuridagi ilmiy-tahliliy institutlar tadqiqotlari, olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlarning tavsiyalari asosida ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, muhim yo‘nalishlar loyiha ofislari orqali amalga oshirilishi, Administratsiya faoliyatida “komplayens” tizimi yo‘lga qo‘yilishi, bu esa shaffoflikni ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash va korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Vazirlik va idoralarning qaror qabul qilishdagi mustaqilligi oshiriladigan bo‘ldi.

Yuqorida biz Administratsiya rahbarining 5 nafar o‘rinbosari lavozimi tashkil qilingani haqida so‘z ochgan edik. Ulardan birini 2022 yildan beri maktabgacha va maktab ta’limi vaziri bo‘lib kelgan Hilola Umarova egalladi. Vazir Umarova egallab turgan lavozimidan ozod etildi va Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosariga aylandi. Ikkinchisi esa suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Temur Butunboyev. U Saida Mirziyoyevaning suv ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi, shu tufayli o‘tgan yilning fevralidan buyon ishlab kelayotgan “zamministr”lik lavozimidan ketdi. Keyingi o‘rinbosar esa tadbirkorlik loyihalari bo‘yicha bo‘lib, unga Sherzod Ozodzoda tayinlandi va shu munosabat bilan Prezident Administratsiyasidagi iqtisodiyot va tadbirkorlik sohasida muhim tashabbuslarni ishlab chiqish boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Qolgan ikki o‘rinbosar – Nodira Hakimova hamda Tamila  Aliyeva bo‘lib, ulardan Hakimova sud tizimini, Aliyeva esa tibbiyotni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosar sifatida ish boshladi. Prezident Administratsiyasi rahbari kotibiyati mudiri etib Dilnoza Ziyomuhammedova tayinlandi. U shu paytgacha Prezident yordamchisi kotibiyati mudiri edi.

Bular biz sanab o‘tgan tayinlovlarning hamir uchidan bir patiri edi, xolos. Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umurzoqov ham bu o‘zgarishlardan chetda qolmadi. U navbatdagi “tayinlovlar kuni”da Prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisiga aylandi. Umurzoqov 2019 yil 28 yanvarda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, 2022 yilning 16 iyul kuni Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlangan edi. 2023 yilning avgust oyida Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi tugatilganidan so‘ng u Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan va shundan beri u ushbu lavozimda ishlab kelayotgan edi. 

O‘zbekiston tashqi siyosatini 10 yil boshqargan Abdulaziz Komilov Prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi bo‘ldi. Yangi tayinlov munosabati bilan u 2022 yildan buyon egallab kelgan Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimidan ozod etildi. Komilov va Umurzoqovdan tashqari yana 4 nafar Prezident maslahatchisi tayinlandi. Ulardan G‘ofurjon Mirzayev kadrlar bo‘yicha maslahatchi bo‘ldi va Prezidentning kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori lavozimidan ozod etildi. Ravshan G‘ulomov esa  faoliyatini davlat rahbarining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi sifatida davom ettiradigan bo‘ldi va shu paytgacha egallab kelgan Prezidentning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi. Keyingisi Prezident maslahatchisi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov lavozimidan ozod etildi va Prezidentning ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov 2024 yildan buyon egallab kelgan Prezidentning ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etilib, Prezidentning vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi.

Tayinlovlar hali tugamadi, yana davom ettiramiz. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Prezident Administratsiyasidagi Kommunikatsiyalar departamentining rahbari (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi) etib tayinlandi.

Birinchi Prezident Islom Karimov davrida Prezident Administratsiyasi ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan va Karimovning eng ishongan odami sifatida qaralgan 80 yoshli Zelimxon Haydarov yana birinchi ma’muriyat davridagi lavozimiga qaytdi va Administratsiyaning moliya-xo‘jalik departamenti rahbari lavozimidan ozod etildi.

Administratsiyada Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbariga o‘rinbosar bo‘lib kelayotgan Gayane Umerova Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departament rahbarligiga tayinlandi.

O‘tgan oy Prezidentga maslahatchi bo‘lgan Aziz Mag‘rupov lavozimidan ozod etildi. U 1 oy davomida tashqi investitsiyalar masalalari bo‘yicha Prezidentga maslahatchi bo‘ldi. Endi esa tashqi investitsiyalar bo‘yicha vakil sifatida ishlaydi.

Tayinlovlar orasida sobiq energetika vaziri ham bor. Alisher Sultonov shu kungacha O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevga energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha maslahatchi edi. U lavozimidan olindi va Prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili qilindi.

Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov ham ishdan olindi va Prezidentning sport bo‘yicha vakili bo‘ldi. Toshkent shahar prokurori Erkin Yo‘ldoshev esa Komplayens xizmat boshlig‘i etib tayinlandi.

Ushbu katta tayinlovlar doirasida Prezident Administratsiyasidagi 6 nafar rahbar xodimning lavozimi o‘zgarishsiz qoldirildi. Ular Farg‘ona viloyatining sobiq hokimi, Prezidentning agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev, sobiq favqulodda vaziyatlar vaziri, Prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi 74 yoshli Tursinxon Xudayberganov, 2013 yil 21 sentyabrda Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlangan Viktor Mahmudov, Prezident Administratsiyasining Tashqi aloqalar departamenti rahbari Alisherbek Paygamov, Prezident Protokoli rahbari Ulug‘bek Qurbonov hamda Prezident Spichrayteri Xayriddin Sultonov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing