Prezident 28 hududda kambag‘allikni 2 baravar qisqartirishni buyurdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda mahallalarga mablag‘ ajratilib, sharoit yaratilgani uchun shu yilning o‘zida 237 ming oila kambag‘allikdan chiqdi. Lekin hozirda 28 ta kichik tumanda ishsizlikka qarshi yetarli chora ko‘rilmayapti. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 oktyabr kuni mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.

Mahalla tizimi uchun mas’ul rahbarlarga bugundanoq ishchi guruhi tuzish va ushbu 28 ta tumanga borib, ulardagi ishsizlik, kambag‘allik va jinoyatchilikni kelasi yili 2 karra qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish topshirildi.

Ma’lumki, mahallalarga 2 ming kvadrat metrgacha bo‘sh davlat ob’ektlarini auksionga chiqarish vakolati berilgan. Masalan, Samarqand shahar Shodlik mahallasi 1,5 ming kvadratli bino sotuvidan mahalla byudjetiga 5 milliard so‘m tushirgan.

“Ko‘ryapsizlarmi, qolgan mahallalarda ham “yettilik” izlansa, 3 mingga yaqin bunday binolarni sotish orqali ancha masalani hal qilsa bo‘ladi”, dedi Prezident. 

Endilikda mahalla raisi va hokim yordamchisi bo‘sh turgan 5 ming kvadratgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarishi mumkin bo‘ladi. Sotuvdan tushgan mablag‘ning 70 foizi mahallaning o‘zida qoladi va infratuzilmaga sarflanadi.

Yig‘ilishda mahallalarda tadbirkorlik loyihalarini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga 7 mingta mahalla meva-sabzavot, gulchilik, asalarichilik, tikuvchilik, mebelsozlik, savdo va servis kabi 15 ta yo‘nalishga ixtisoslashdi. 3 ming 326 ta mahalladagi 50 foiz xonadon bu tizim bilan qamrab olingani uchun 1,5 million oila daromadli bo‘ldi.

Mahalla bankirlari, hokim yordamchilari har bir mahallada o‘rtacha 40 tadan mikroloyiha qilishi uchun ularga joriy yilda 6,5 trillion so‘m resurs berildi. Lekin shuncha resurs berilsa-da, hamma hokimlar va “mahalla yettiligi” ham bir xil ishlamayotgani ta’kidlandi. Hududlardagi 2 ming 356 ta mahallada esa hali ixtisoslashuv darajasi ancha past. 

Mutasaddilarga barcha mahallada ixtisoslashuvni oxiriga yetkazish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda mahallalar aholisi bilan uchrashib, ularning salohiyatidan kelib chiqib, aniq ixtisosligini belgilash, kamida 200 ming aholini band qiladigan mikroloyihalarni shakllantirish topshirildi. Kelasi yildan meva-sabzavotga ixtisoslashgan 2 ming 682 ta mahallaga sanoat olib kirish uchun imtiyozli resurslar, avvalo, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash loyihalariga beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev mahalla

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing