Prezident 20 yil ilmga e’tibor qilinmagani va chet elga ketgan yoshlar haqida gapirdi (video)
Jamiyat
−
11 Sentabr 2019
8338O‘zbekistonda “Prezident maktabi”dan biroz kichik, ammo ushbu maktabga o‘quvchilarni tayyorlab beruvchi Fizika maktabi, Matematika maktabi, qolaversa, alohida universitet tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 10 sentyabr kuni Toshkent shahrida ochilgan ilk “Prezident maktabi”ga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.
Poytaxtdagi “Prezident maktabi” 168 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosi va yotoqxona, 15 o‘rinli o‘qituvchilar mehmonxonasiga ega.
Joriy yilda maktabning 5-10-sinflari uchun hujjat topshirgan 7 mingga yaqin o‘quvchidan 144 nafari o‘qishga qabul qilindi. Kanadaning “Teachaway” va Buyuk Britaniyaning “TIC Recruitment” rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olindi. Shuningdek, 72 nafar tajribali va malakali mahalliy o‘qituvchi ham jalb qilindi. Ta’limda STEAM yondashuviga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalari olib kelindi.
Prezident maktab o‘qituvchilari, mutaxassislar bilan muloqot qilarkan, 20 yil davomida ta’limga e’tibor qaratilmagani va bu kutta yo‘qotish bo‘lganini, ko‘plab iqtidorli yoshlar chet ellarga ketganini aytdi.
“20 yil tanaffus bo‘ldi. Ilmga bo‘lgan e’tiborimiz ancha susayib ketgani rost. Ko‘p bolalarimiz chet ellarga ketdi. Endi biz yetib olishimiz kerak. Prezident maktablari asosida biz yo‘nalish andozasi qilmasak, ertaga kech bo‘lishini men to‘g‘ri tushunaman. Bizda o‘qitilayotgan metodika menga mutlaqo ma’qul emas. Al-Xorazmiy, ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Farg‘oniy yashagan davrda “Nobel” mukofoti bo‘lganda edi, bu mukofotning 80%i o‘zbeklarda bo‘lar edi.
Ana shu aypadlar, telefonlarning ichidagi eng katta sxema Xorazmiyning sxemasi. Buni o‘zbek qilgan, deb hech kim aytmaydi. Shuning uchun bulardan Mirzo Ulug‘bek, Xorazmiy qildirmoqchiman. Bunga hamma imkoniyat bor, men bunga ishonaman”, deydi davlat rahbari.
Prezident maktablari joriy yilda Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida ham ochiladi. 2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021 yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan.
Davlat rahbari oxirgi yillarda O‘zbekistonda bo‘layotgan islohotlarga to‘xtalarkan, o‘zi uchun eng nozik va muhim masala aynan ta’lim-tarbiya ekanini qayd etdi.
“Uch yilda juda ko‘p sohalarda islohotlar bo‘lyapti. Lekin men uchun eng nozik, men uchun eng kerak soha – bu ta’lim-tarbiya, ayniqsa, maktablar. Men bunga juda katta e’tibor beryapman, bu andoza bo‘ladi, bu ishimizning boshlanishi”.
LiveBarchasi