Prezident 163 ta yangi ob’ektni ishga tushirdi

Jamiyat

image

Bugun, 25 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi ob’ektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadbirda davlat rahbari hududlardagi studiyalarga yig‘ilgan keng jamoatchilik vakillarini, ular orqali butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan ulug‘ bayram bilan tabriklagan.

Ortda qolgan o‘n yilda O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yuz bergan. Tadbirkorlikka keng yo‘l ochilib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqobatbardosh sanoat tarmoqlarini yaratish, chekka tuman va qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ulkan ishlar bajarilgan. Ta’lim, tibbiyot va madaniyat sohalariga e’tibor yangi bosqichga ko‘tarilgan.

“So‘nggi o‘n yil mamlakatimiz tarixida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini qurish bosqichi sifatida abadiy muhrlandi”, deydi Prezident.

Bu davrda iqtisodiyot hajmi 2,5 barobardan ziyod oshgan. Iqtisodiyot tarmoqlariga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, umumiy qiymati 76 milliard dollarlik 2 ming 163 ta yirik sanoat loyihasi ishga tushirilgan, qariyb 6 million nafar aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.

Bugun mamlakatda dunyoning yetakchi kompaniyalari, yirik investorlari va xalqaro moliya institutlari ishtirokida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Investitsiyalar ko‘payishi bilan sanoat qiyofasi ham tubdan o‘zgarmoqda.

“Biz xomashyo eksport qilgan davlatdan uni chuqur qayta ishlash zanjiri asosida tayyor mahsulotni jahon bozoriga olib chiqadigan iqtisodiyotga o‘tyapmiz. Eng muhimi, yangi korxonalar bilan birga zamonaviy texnologiyalar, yangi kasblar va yuqori malakali ish o‘rinlari ham paydo bo‘lmoqda”, deydi davlat rahbari.

Joriy yilning o‘zida 1,7 milliard dollarlik 56 ta yirik zamonaviy sanoat va servis ob’ekti ish boshlagan, 8,8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilgan.

Shuningdek, byudjetdan ajratilgan 46 trillion so‘m hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bog‘cha, 81 ta shifoxona, 7,5 ming kilometr yo‘l, 3,2 ming kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurilgan, ta’mirlangan va rekonstruksiya qilingan.

Bugungi marosimda mamlakatning barcha hududlarida umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘m bo‘lgan 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha ob’ekti foydalanishga topshirilgan. Ularning ochilishi Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa bo‘lgan.

Yangi loyihalar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratiladi, byudjetga yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushishi ta’minlanadi.

Investitsiya loyihalari energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog‘-kon, to‘qimachilik va yengil sanoat kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Jumladan, Sirdaryo viloyatida 1 ming 573 megavattli elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi ishga tushirilgan. Navoiy viloyatidagi yangi energetika loyihalari yiliga 657 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi.

Mazkur loyihalar orasida mamlakatning eksport salohiyatini sezilarli oshiradigan quvvatlar ham bor. Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlarida ishga tushirilgan to‘qimachilik, trikotaj va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari millionlab dollarlik eksportni ta’minlaydi. Samarqand va Toshkent viloyatlarida barpo etilgan yangi metallurgiya korxonalari ham sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import o‘rnini bosishga xizmat qiladi.

Prezident bugungi loyihalarni faqat investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bilan o‘lchash to‘g‘ri bo‘lmasligini ta’kidlagan. Yangi o‘quv yili arafasida ijtimoiy sohada ham ko‘plab zamonaviy ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda. Ular orasida 36 ta bolalar bog‘chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona bor.

Yangi Toshkent hududida jahon standartlari asosida 10 gektar maydonda barpo etilgan Yangi O‘zbekiston universitetining zamonaviy majmuasi shular jumlasidan. Bu yerda 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.

Oliy ta’lim muassasasida Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha “Ta’lim xabi” tashkil etiladi. 1 oktyabrdan Sun’iy intellekt instituti ish boshlaydi.

Shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega besh qavatli yangi Milliy kutubxona eng zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan. U bir vaqtning o‘zida 1,5 ming nafar kitobxonga xizmat ko‘rsata oladi. Bu yerda 28 dan ziyod o‘quv xonasi va zallar, turli sig‘imdagi konferensiya zallari tashkil etilgan, 200 mingdan ortiq kitob jamlangan.

Qarshi shahrida 400 milliard so‘mlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining zamonaviy bino va inshootlari barpo etilgan. Bu yerda 3 ming nafar talaba tahsil oladi, 700 nafar aholi daromadli ish bilan ta’minlanadi.

Farg‘ona viloyatidagi yangi zamonaviy tibbiyot muassasasida esa yiliga 60 ming nafar bemorni davolash va 30 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish imkoniyati yaratilgan.

Davlat rahbari yangi ob’ektlarni barpo etishda ishtirok etgan investor va tadbirkorlar mehnatini yuksak baholagan.

“Siz kiritayotgan har bir investitsiya O‘zbekiston kelajagining poydevorini mustahkamlaydi. Siz yaratayotgan har bir ish o‘rni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqarayotgan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Siz eksport qilayotgan har bir tovar O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi”, deydi Prezident.

Ushbu loyihalarni barpo etishda fidoyilik ko‘rsatgan quruvchilar, muhandis va loyihachilar, tadbirkor va investorlarga minnatdorlik bildirilgan.

Shundan so‘ng davlat rahbari ramziy tugmani bosgan va 72 ta yirik investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha ob’ekti foydalanishga topshirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing