Prezident 14 yil avval kanalizatsiya qudug‘ida qolib vafot etgan leytenantni mukofotladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 oktyabr – Ichki ishlar xodimlari kuni munosabati bilan bundan 14 yil avval xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan sobiq Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining ekspertiza va kriminalistika bo‘linmasi eksperti Oybek Nishonovni “Jasorat” medali bilan taqdirladi

Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tamomlagan Oybek Nishonov Yangiyer shahrini yong‘indan muhofaza qiluvchi 5-harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi xizmatida ish boshlaydi. 

U 2006 yilning fevral oyida viloyat IIB ekspertiza va kriminalistika bo‘limiga bevosita bo‘ysunuvchi Ekspertiza va kriminalistika bo‘linmasi ekspert-kriminalisti lavozimiga tayinlangan.

2006 yilning 16 may kuni Yangiyer shahridagi “Suvoqova” korxonasi ishchilari uchastka rahbari F.Qalandarov boshchiligida texnika xavfsizligi qoidalarini buzgan holda, 6 metr chuqurlikdagi kanalizatsiya qudug‘iga tushib, ammiak gazidan zaharlanish oqibatida halok bo‘lishadi. Ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanayotgan yana 4 nafar xodim qo‘shimcha kuchlar yetib kelguniga qadar ularni qutqarish maqsadida pastga tushib, havosiz bo‘shliqda qolib, yuqoriga chiqa olmaydi. 

Yangiyer shahar IIBga kelib tushgan “tashvish” signaliga ko‘ra, tarkibida leytenant Oybek Nishonov bo‘lgan tergov-tezkor guruhi voqea joyiga yetib boradi. Oybek Nishonov vaqtni boy bermasdan, quduq ichida qolib ketgan ishchilarni qutqarishga kirishadi. U quduqning ichiga tushib, hushsiz holda yotgan A.Xaliqulov va A.Yusupovni qisqa vaqt ichida yuqoriga olib chiqadi. So‘ngra ta’mirchi ustalarni olib chiqish uchun yana pastga tushadi. Biroq yuqoriga chiqishga bir necha metr qolganida ammiak gazidan zaharlangan Oybek Nishonov shu yerning o‘zida hayot bilan vidolashadi. 

Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoni bilan joriy yilning 1 sentyabr kuni xizmat vazifasini bajarish vaqtida YTH qurboni bo‘lgan ikki nafar yo‘l patrul xizmati xodimlari – Salim Umarov va Ravshan Boqiyev ham "Jasorat" medali bilan mukofotlangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Oybek Nishonov

Baholaganlar

609

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar