Qonun bilan “mixlaymiz”! 1000 kishilik restorani borlar uni mehmonxonaga aylantirsin – Norboyeva
Jamiyat
−
19 Sentabr 2019
27791O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva 1000 nafar mehmonlarni qabul qilish imkoniyatiga ega yirik restoranlar rahbarlariga, bu restoranlarni mehmonxonaga aylatirish kerakligi taklifini bildirdi.
Kecha, 18 sentyabr kuni Halq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirok etdi.
Unda Tanzila Norboyeva so‘z olib, joriy yilning 14 sentyabr kuni qabul qilingan “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, ushbu qarorning qabul qilinishiga aynan Toshkentdagi dabdabalar sabab bo‘lgan.
“Senatning yig‘ilishida to‘ylar masalasida qaror qabul qildik. Ushbu qarorga 10 mingdan ortiq odamlar onlayn ovoz berdi. Ana shu ovozlar asosida qaror qabul qilindi. Men aytmoqchimanki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining ushbu qarori qonuniy kuchga ega. Bu qaror kim uchun qilindi, degan savolga javob shuki, birinchi navbatda Toshkent shahri uchun qilindi. Respublika uchun amal qiladi, ammo o‘zagida Toshkent shahri turibdi. Chunki hamma dabdaba Toshkent shahrida bo‘lyapti”.
Ma’lumki, O‘zbekistonda so‘nggi 10 yil ichida to‘y industriyasi rivojlandi. To‘y-hashamlar, marosim va tadbirlarni tashkil etuvchi, ta’bir joiz bo‘lsa, yangidan-yangi dabdabalarni o‘ylab topuvchi korxona va tashkilotlar tuzildi. Bir tarafdan olib qarasang, ular ham tadbirkor. Pul topyapti, xizmat ko‘rsatyapti, ish bilan ta’minlayapti, soliq to‘layapti. Ikkinchi tarafda esa milliy qadriyat, urf-odat, ma’naviyat, ta’lim va tarbiya haqida bong urilmoqda. Tanzila Norboyeva so‘zida davom etarkan aynan tadbirkorlik masalalariga to‘xtaldi.
“Aytishingiz mumkin: tadbirkorlik huquqi u bo‘lyapti, bu bo‘lyapti... Qachonki, odamlarning tinchligi buziladigan, ularning urf-odatlariga putur yetayotgan bo‘lsa, yoshlarimiz tarbiyasiga zarar keltirilayotgan bo‘lsa, biz bunday tadbirkorlikni qandaydir cheklovlar bilan baribir tartibga solishimiz kerak bo‘ladi”.
Shundan so‘ng u Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga a’zolari oldiga quyidagi vazifalarni ko‘ndalang qo‘ydi:
“Navbatdagi sessiyada to‘y va marosimlarni o‘tkazishdagi tartib bo‘yicha alohida chora-tadbirlarni belgilab olinglar, buni Toshkent shahar namunali bo‘lib ko‘rsatishi kerak. Qaror – ikkinchi qadam. Uchinchi qadamda qonun bilan “mixlaymiz”. Lekin bu qaror ham qonuniy kuchga ega. Toshkent shahar bitta ham “narusheniye” qilmasligi kerak. Biz 1 yanvardan kuchga kiradi deganmiz. Lekin hozirdanoq targ‘ibotini olib borish kerak”.
Ma’lumki, poytaxt Toshkentda 10 dan ortiq 700-800, hatto, 1000 kishini bag‘riga sig‘dira oladigan restoranlar bor. Xo‘sh, ular nima qilishi kerak. Norboyeva quyidagicha maslahat berdi:
“Restoranlar rahbarlariga aytish kerak: juda katta restoran qurgan bo‘lsa, uni mehmonxonaga aylantirsin. 1000 ta odamni chaqirib to‘y qilmaydi endi. Buning javobgarligi bo‘ladi”.
Bugungacha poytaxtdagi to‘ylarda mehmonlar soni o‘rtacha 300-350 ta bo‘lib kelayotgandi. Ammo katta-katta ko‘rgazma zallarida, saroymonand restoranlarda 600 dan 1000 tagacha mehmon chaqirib taklif qilib, xorijdan san’atkor olib kelib to‘y qilganlar ham bo‘ldi. Xullas, dabdabali to‘ylarga ruju qo‘yganlar orasida ayrim mansabdorlar ham. Ana shunday mansabdorlardan bir qanchasi kecha Toshkent shahar hokimligida o‘tgan yig‘ilishda ham savlat to‘kib o‘tirgan edi. Ular haqida Norboyeva shunday deydi:
“Internetni o‘qiyapsizlarmi? Internetda nima deyishyapti: o‘zlari uchun chiqaribdi bu qarorni, o‘zlari rioya qilsin birinchi navbatda... Rahbarlar, hokimlar, hokim o‘rinbosarlari, hamma darajadagi rahbarlar o‘zi namuna bo‘lib, mana shunday marosimlarni o‘tkazishi kerak. Shundagina xalq bizning ortimizdan ergashadi. Qachonki biz o‘zimiz dabdaba qilaversak, ijroni esa xalqdan talab qilsak, kulgili bo‘ladi. Ertaga yana karikatura qilib, o‘zimizni chiqarib qo‘yishadi”.
LiveBarchasi