Mirziyoyev va Qatar Amiri o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Jamiyat

image

Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, muzokaralar chog‘ida siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuv avvalida Qatar Amiri Shavkat Mirziyoyevga tashrif bilan kelish taklifi hamda Qatar delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirgan.

Diplomatik munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi hamda uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi qayd etilgan.

“Biz Qatarni nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki butun arab-musulmon olamida o‘zimizning istiqbolli hamkorimiz sifatida bilamiz. Siz bilan so‘nggi yillardagi muloqotlarimiz bois munosabatlarimizda katta siljish kuzatilmoqda”, deydi O‘zbekiston rahbari.

Shuningdek, joriy yilda Toshkent shahrida Qatar elchixonasi ochilgani ikki tomonlama hamkorlikni faol ilgari surishda muhim o‘rin tutgani ta’kidlangan. Qatar tomoni Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochilishi ushbu jarayonga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand Qatar Amiri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing