Poytaxtda xavfli o‘smalarni davolovchi markaz ochiladi
Jamiyat
−
14 yanvar 2020
4060Vazirlar Mahkamasining 6.01.2020 yildagi “Radioterapiya va pozitron-emissionli tomografiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi 5-son qaroriga muvofiq poytaxt Toshkent shahrida Radioterapiya va pozitron-emissionli tomografiya markazi ochiladi.
Markaz Sog‘liqni saqlash vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligining chet el investitsiyasi ishtirokida “Tek grup saglik hizmetleri” MCHJning taklifiga binoan tashkil etilmoqda.
Radioterapiya, asosan, xavfli o‘smalarni davolashda qo‘llaniladi. Pozitron-emissionli tomografiya esa – insonning ichki organlarini tadqiq etishning radionuklidli tomografiya usuli hisoblanadi.
Markazni qurish hamda jihozlash ishlari uchun 7,5 mln. AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘larini jalb etiladi va u 1 yil muddatda foydalanishga topshiriladi. Shu bilan birga 20 tadan kam bo‘lmagan ish o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, radioterapiya va pozitron-emissionli tomografiya yo‘nalishida 2020 yil davomida 5 nafar tibbiyot xodimi o‘z hisobidan chet davlatlarga malaka oshirish kurslariga o‘qishga yuboriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, markaz tashkil etilgandan 8 yil davomida onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning (imtiyozli toifadagi shaxslar) uch nafariga har oyda to‘la ravishda radioterapiya usulida davolash hamda uch nafar bemorni pozitron-emissionli tomografiya tekshiruvidan bepul o‘tkaziladi.
“Qurilish vazirligi loyiha doirasida amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat qiladi”, - deyiladi xabarda.
Sarvar Anvar o‘g‘li
LiveBarchasi